Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Noqonuniy qurilishlar uchun javobgarlik kuchaytiriladi

Noqonuniy qurilishlar uchun javobgarlik kuchaytiriladi

Foto: Xabar.uz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida shaharsozlik sohasida qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash, noqonuniy qurilishlarning oldini olishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi.

Loyiha bilan Shaharsozlik kodeksi hamda «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonunga qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.

Xususan, shaharsozlik talablarini qo‘pol ravishda buzgan holda qurilish ishlarini amalga oshirish, bosh reja, master-reja va qurilish loyihasi talablariga rioya qilmaslik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasiga ko‘ra, qonunchilikda belgilangan hajmdan katta bo‘lgan imorat, bino va inshootlarni vakolatli organni xabardor etmasdan qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ishlari uchun ham javobgarlik kuchaytiriladi.

Shuningdek, Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasining shaharlarni kompleks rivojlantirish sohasidagi vakolatlarini aniq belgilash taklif etilmoqda.

Deputatlar fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi shaharsozlik sohasining huquqiy asoslarini mustahkamlash, noqonuniy qurilishlarni qisqartirish va qurilish bozorida halol raqobatni ta’minlashga xizmat qiladi.

Hujjat yer va ko‘chmas mulk resurslaridan samarali foydalanish, ko‘p kvartirali uylar qurilishiga yo‘naltirilayotgan fuqarolar mablag‘larini himoya qilish uchun ham huquqiy asos yaratishi ta’kidlandi.

Muhokamalar yakunida qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring