Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

2026-yil birinchi choragida O‘zbekistonda biznes kayfiyati qanday bo‘ldi?

2026-yil birinchi choragida O‘zbekistonda biznes kayfiyati qanday bo‘ldi?

2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda biznes kayfiyati ijobiy dinamikani saqlab qoldi. Hududlarda o‘tkazilgan so‘rovda 2 487 nafar tadbirkor ishtirok etdi. Markaziy bankka ko‘ra, ular iqtisodiy faollik, biznes muhiti va bandlik bo‘yicha baholarni asosan ijobiy deb qayd etgan.

Tadbirkorlarning 64 foizi joriy biznes sharoitlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan yaxshilanganini bildirgan. Bu ko‘rsatkich 2025-yil birinchi choragidagi 56 foizdan yuqori bo‘lib, biznes ishonchi barqaror saqlanayotganini ko‘rsatadi.

So‘rov ishtirokchilari bank xizmatlari sifati, raqobat muhiti va litsenziya olish jarayonlari yaxshilanganini asosiy ijobiy omillar sifatida qayd etgan. Shu bilan birga, soliq ma’murchiligi, energetika ta’minoti va bojxona tariflari bo‘yicha holat o‘tgan yil darajasida qolgan.

Hisobotga ko‘ra, yuk tashish hajmi, ishlab chiqarish, buyurtmalar va qo‘shimcha ishchi kuchiga talab bo‘yicha ijobiy ko‘rsatkichlar o‘sgan. Buyurtmalar ko‘payganini bildirgan tadbirkorlar ulushi 57 foizga yetgan. Bu jarayon ayniqsa Toshkent viloyati, Navoiy, Andijon, Namangan va Xorazmda ishlab chiqarish, turizm, ta’lim va qishloq xo‘jaligi sohalari hisobiga kuzatilgan.

Ishchi kuchiga talab oshganini qayd etganlar ulushi 50,4 foizni tashkil etdi. Qurilish, ishlab chiqarish, turizm va qishloq xo‘jaligi sohalarida qo‘shimcha kadrlarga ehtiyoj yuqori bo‘lib qolmoqda.

Shu bilan birga, kredit resurslariga ehtiyoj saqlanib qolmoqda. Qurilish, ishlab chiqarish, maishiy xizmat, qishloq xo‘jaligi va umumiy ovqatlanish sohalarida qo‘shimcha moliyalashtirishga talab yuqori ekani qayd etilgan.

Hisobotda barcha hududlar kesimida ham ijobiy baholar qayd etilgan. Farg‘ona vodiysida tadbirkorlarning 65 foizi, Buxoro, Navoiy va Samarqand hududlarida 63 foizi, Qashqadaryo va Surxondaryoda esa 70 foizi biznes sharoitlari yaxshilanganini bildirgan.

Umuman, tadbirkorlarning 71 foizi kelgusi davrda makroiqtisodiy sharoitlar yanada yaxshilanishiga ishonch bildirgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring