O‘zbekiston Afg‘onistonga avtomobil shinalarini eksport qilishi mumkin
Afg‘onistonning avtomobil savdosi sohasida faoliyat yuritayotgan yirik tadbirkorlardan iborat delegatsiya Toshkent viloyatining Angren shahrida joylashgan «Birinchi rezinotexnika zavodi»ga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida mehmonlar korxonaning zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, avtomobil shinalarini ishlab chiqarishning to‘liq texnologik jarayoni hamda mahsulotlar sifatini nazorat qilish tizimi bilan tanishdi.
Mutasaddilar delegatsiyaga korxonaning ishlab chiqarish salohiyati va mahsulot turlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, «Birinchi rezinotexnika zavodi» O‘zbekistonda avtomobil shinalarini ishlab chiqaruvchi birinchi va yagona korxona bo‘lib, yiliga 3 mln dona avtomobil shinasi, 200 ming dona qishloq xo‘jaligi texnikalari uchun shina hamda 100 ming pogon metr konveyer lentasi ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Uchrashuvda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan shinalarni Afg‘oniston bozoriga yetkazib berish, savdo hamkorligini kengaytirish, dilerlik tarmog‘ini rivojlantirish hamda sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanishicha, mazkur tashrif ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni faollashtirish, eksport hajmini oshirish va yangi biznes sherikliklarini yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter