Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zMIJ IPO‘si boshlandi: aksiyalar ikkita bozorda sotiladi

O‘zMIJ IPO‘si boshlandi: aksiyalar ikkita bozorda sotiladi

O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi o‘z aksiyalarining birlamchi ommaviy joylashtirilishini boshladi. IPO 29-apreldan start oldi va 12-maygacha davom etadi. Taklif doirasida aksiyalar mahalliy va xalqaro bozorlarda sotuvga chiqarilmoqda.

Jamg‘arma ma’lumotiga ko‘ra, bir dona oddiy aksiya narxi 4,65 so‘m etib belgilangan. Shu bilan birga, global depozitar tilxatlar 25 AQSh dollaridan taklif qilinmoqda. Bitta GDR 64 700 ta aksiyaga teng hisoblanadi.

Muomalaga chiqarilgan aksiyalar hajmidan kelib chiqib, kompaniyaning bozor kapitallashuvi taxminan 1,95 milliard dollarga baholanmoqda. Yagona sotuvchi sifatida Iqtisodiyot va moliya vazirligi ishtirok etib, investorlarga aksiyadorlik kapitalining qariyb 30 foizini taklif qilmoqda.

IPO ikki transhda amalga oshiriladi. Birinchi qismi Toshkentdagi institutsional va chakana investorlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, savdolar «Toshkent» respublika fond birjasida tashkil etiladi.

Xalqaro transh doirasida esa global depozitar tilxatlar xorijiy investorlarga taklif qilinadi. Jamg‘arma ularni London fond birjasining asosiy bozorida joylashtirish uchun ariza topshirgan.

Yakor investorlar sifatida «BlackRock», «Franklin Resources», «Redwheel» hamda «Allan & Gill Gray Foundation» ishtirok etmoqda. Ular jami 300 million dollarlik aktivlarni sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

O‘zbekiston rezidenti bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun alohida imtiyozlar joriy etilgan. Ular 12 milliard so‘mgacha bo‘lgan arizalarda 5 foiz chegirma bilan aksiya sotib olishi mumkin.

Obuna 12-may kuni yakunlanadi. 13-mayda joylashtirish natijalari e’lon qilinishi va Londonda shartli savdolar boshlanishi kutilmoqda. 18 maydan esa asosiy savdolar start oladi. IPO yakunlanganidan so‘ng, aksiyalarni 180 kun davomida sotmaslik majburiyati ham belgilangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring