Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Propan narxining ko‘tarilishi bo‘yicha bayonot e’lon qilindi

Propan narxining ko‘tarilishi bo‘yicha bayonot e’lon qilindi

Foto: Xabar.uz

Raqobat qo‘mitasi ichki bozorda suyultirilgan gaz (propan) mahsuloti realizatsiyasida yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha bayonot bilan chiqdi.

Birja savdolarida 2025-yilda jami 358 ming tn suyultirilgan gaz sotilgan. Bunda, sotilgan mahsulotning 61 foizi (219 ming tn) mahalliy va 39 foizi import mahsulot hissasiga to‘g‘ri kelgan. 

Ta’kidlash joizki, ushbu ko‘rsatkich yanvar-iyul oylarida o‘rtacha 80 foizgachani tashkil etgan bo‘lsa, avgust oyidan boshlab ichki bozorda mahalliy mahsulotning hissasi kamayib borib, 2025-yil dekabr (35 foiz) oyi va 2026-yil yanvar oyining o‘tgan davrida 10 foizgacha pasayib ketgan.

Bunga asosiy sabab, mahalliy mahsulotni aholi va ijtimoiy soha ob’yektlariga yo‘naltirilganligi ma’lum qilindi. 

Mahalliy mahsulot boshlang‘ich narxi o‘tgan yil davomida deyarli oshmaganligi, shuningdek, Qo‘mita tomonidan suyultirilgan gaz boshlang‘ich narxiga 20 foiz spred (boshlang‘ich narxga nisbatan o‘sish chegarasi) va 1 ta savdo sessiyasida 5 tn (muqaddam 10 tn) xarid limiti o‘rnatilganligi hisobiga mahalliy mahsulot sotilish narxi 1 tn uchun 7 mln so‘mdan oshmagan. Shu o‘rinda, import mahsulot narxi 8 mln so‘mgacha shakllangan.

O‘z navbatida, mahalliy va import mahsulotning boshlang‘ich (50 foiz) va sotilish (35 foiz) narxi o‘rtasida 40 foizgacha tafovut mavjud.

Biroq, so‘nggi oylarda ichki bozorda import mahsulot ulushi va talabning oshishi hisobiga birja savdolaridagi o‘rtacha narx import mahsulot hisobiga shakllanmoqda. 

Shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan import mahsulotning boshlang‘ich narxlari oshirilishi sababli bugungi kunda 1 tn suyultirilgan gaz mahsuloti o‘rtacha 9,5 mln so‘mgacha sotilmoqda, dekabrga nisbatan o‘sish 20 foiz.

O‘z navbatida, Qo‘mita tomonidan ichki bozorda suyultirilgan gaz (propan) narxlarini barqarorlashtirish maqsadida vakolat doirasida tezkor chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Yoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi narxlar yuzasidan doimiy monitoring o‘rnatilgan.

Ta’kidlash joizki, respublikada, suyultirilgan gaz (propan)da harakatlanuvchi avtomobillar soni 11 foizni tashkil etadi. Shuningdek, ichki bozorda avtomobillar uchun realizatsiya qilingan yoqilg‘i mahsulotlar summasining atigi 5 foizini suyultirilgan gaz(propan) tashkil etadi.

«Biroq, bugungi kundagi vaziyatda chakana narxlar to‘g‘risida har qanday ma’lumotning yoritilishi yoki narxlar oshishi to‘g‘risida axborot tarqatilishi ichki bozorda yagona narx shakllanishiga va bozor tamoyillari buzilishiga olib kelishi mumkin. 

Shu sababli, barcha ijtimoiy tarmoq faollarini ichki bozorda narxlar oshishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday axborotlarni tarqatmaslikka chaqiramiz», deyiladi qo‘mita xabarida. 

Avvalroq Energetika vazirligi metan zapravkalariga cheklov qo‘yilishi bo‘yicha ma’lumot bergandi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring