Yangi Toshkent aeroporti qurilishi 2030 yilga borib xorijlik sayyohlar sonini 25 millionga yetkazish imkonini yaratadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan zamonaviy transport tarmog‘ini yaratish va bu orqali turizm infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, turizm xizmatlari sifatini yaxshilashga qaratilayotgan e’tibor natijasida 2030 yilga borib xorijiy sayyohlar soni — 25 millionga, ichki sayyohlar soni esa 50 million nafarga yetishi mumkin.
Xususan, yangi xalqaro aeroportlar qurilib, ularning soni 18 tagacha yetkazildi. Hududlarda 7 ta xalqaro aeroport zamon talablariga muvofiq ta’mirlanmoqda. Shuningdek, yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar soni yildan-yilga oshib borayotgani sababli, sohadagi yetakchi xorijiy ekspertlar va jamoatchilik vakillarini inobatga olgan holda Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport ham barpo qilinmoqda.
Hozirda Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Koreya, Xitoy, Hindiston, Malayziya, Turkiya, Rossiya, Polsha kabi davlatlarning 51 ta aviakompaniyasi O‘zbekistonga doimiy qatnovlarni amalga oshirmoqda. AQShdan 22 ta zamonaviy «Boeing» samolyotining xarid qilinishi esa O‘zbekistonni Janubi-Sharqiy Osiyo, Yevropa, AQSh va boshqa mintaqalar bilan bog‘lab, sayyohlar hamda ishbilarmonlar uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Shu bilan birga, mamlakat ichida temiryo‘l va avtomobil infratuzilmasi ham modernizatsiya qilinmoqda. Turistik yo‘nalishlarni bog‘lovchi yangi qulay elektro-poyezdlar va tez-yurar poyezdlar, elektrobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilmoqda, avtobus parki hamda yo‘lbo‘yi infratuzilmasi mamlakatimizning chekka hududlarini ham qamrab olgan turistik marshrutlar bo‘ylab rivojlantirilmoqda.
«O‘zbekistonga tashrif buyuradigan turistlar sonini 2030 yilga borib 25 MILLIONga yetkazish maqsad qilingan. Hozirda yurtimizga har oy 1 MILLIONdan ortiq turist kelmoqda. Belgilangan maqsadga erishish uchun esa bu ko‘rsatkichni oyiga 2 MILLIONdan oshirishimiz lozim. Prezidentimizning transport infratuzilmasini rivojlantirish, aeroportlar sonini oshirish va ularning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini yaxshilash, reyslar, mehmonxonalar sonini ko‘paytirishga qaratilgan islohotlari turistik infrastrukturani yanada yaxshilash va xorijlik turistlar sonini bemalol 25 MILLIONga yetkazish imkonini beradi», — dedi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov.
Olib borilayotgan islohotlar zamonaviy, qulay va xavfsiz transport tizimini yaratib, O‘zbekistonni mahalliy va xorijlik sayyohlar uchun yanada qulay va sevimli maskanga aylantirishi shubhasiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter