Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Davlat tili bo‘yicha maslahatchilar faoliyati tartibga solindi

Davlat tili bo‘yicha maslahatchilar faoliyati tartibga solindi

Hukumatning 437-son qarori bilan respublika darajasidagi davlat organlari va xo‘jalik birlashmalari markaziy apparatlari, shuningdek, hududiy va tuman-shahar hokimliklarida ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchi faoliyatini tashkil etish tartibi tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, maslahatchilar faoliyatini Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti muvofiqlashtiradi va ularga uslubiy rahbarlik qiladi.

Maslahatchi Departament bilan kelishilgan holda tegishli davlat organi yoki tashkiloti, xo‘jalik birlashmasi rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi.

Maslahatchining asosiy vazifalaridan biri davlat organlari rahbarlari huzurida davlat tilini rivojlantirish hamda geografik obyektlarni nomlash masalalarini ko‘rib chiqish va qarorlar qabul qilishda ishtirok etishdan iborat.

Shuningdek, maslahatchi rahbarlarning davlat tilini rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni takomillashtirishga oid buyruq, qaror va ko‘rsatmalari ijrosini nazorat qiladi.

Nizom bilan maslahatchilarning faoliyatini muvofiqlashtirish, uslubiy rahbarlik qilish va hisobdorligini ta’minlash mexanizmi ham belgilab berildi.

Maslahatchilarning hisobotlari Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan yiliga kamida bir marta eshitiladi.

Tegishli davlat organlari va tashkilotlarida esa ularning hisobotlari har chorakda muntazam ravishda ko‘rib chiqiladi. Hisobotlar natijasi bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring