Eng kam maoshlarni belgilashda xodimlar manfaati ham kafolatli himoya qilinadi – Prezident

Davlat rahbari bugungi uchrashuvda kasaba uyushmalari faoliyatini yanada rivojlantirish va mehnat munosabatlarini yaxshilash bo‘yicha kelgusi vazifalarni muhokama qildi.
Iqtisodiyot barqaror o‘sib bormoqda. Aholi turmush farovonligini shunga mos ravishda oshirish uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori ham har yili ko‘paytirib borilmoqda. Lekin bu masalalar ko‘pincha bir tomonlama, ya’ni, davlat idoralarining hisob-kitobi va taklifi bilan hal qilinmoqda.
Shu bois, kelgusi yildan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga oid qonunchilik hujjatlari loyihasini ishlab chiqishga Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama respublika komissiyasini (Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Bandlik vazirligi, Ish beruvchilar konfederatsiyasi) ham jalb qilish taklif qilindi.
Bu mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini belgilashda xodimlar manfaatini kafolatli himoya qilish bo‘yicha yangicha yondashuv bo‘ladi.
«Inson qadri, uning hayot sifati faqat ish haqi bilan emas, balki ijtimoiy muhit bilan ham belgilanadi.
Buning uchun xodimlarni uy-joy, sifatli ta’lim, tibbiyot va transport xizmatlari bilan kafolatli ta’minlab, eng muhim hayotiy ehtiyojlariga yetadigan daromad topishiga sharoit yaratib berishimiz zarur», - dedi Prezident.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter