Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IV «Biznesda halollik» xalqaro forumida dolzarb muammolar o‘rganildi

IV «Biznesda halollik» xalqaro forumida dolzarb muammolar o‘rganildi

foto:@biznes_ombudsman

Bugun poytaxtimizning «Hilton» mehmonxonasida Biznes-ombudsmanlar va IV «Biznesda halollik» xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Korrupsiyaga qarshi kurashish haftaligi doirasida o‘tkazilib, u Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT), Konrad Adenauer nomidagi jamg‘arma, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hamda boshqa yirik xalqaro tashkilotlar ko‘magida tashkil etildi.

Forum turli mamlakatlarning huquqni himoya qilish institutlari, davlat idoralari, biznes vakillari va ekspertlar uchun tajriba almashish, tizimli muammolarni muhokama qilish hamda halol biznes amaliyotlarini ilgari surish uchun samarali platforma bo‘ldi. Tadbirda 10 ga yaqin mamlakatdan 250 nafar ishtirokchi qatnashdi.

IHTT tomonidan Biznes-ombudsman institutlari faoliyati yuzasidan olib borilgan tadqiqot natijalari taqdim etildi. Unda ombudsmanlarning mandati, vakolatlari va ularning halollik madaniyatini shakllantirishdagi o‘rniga alohida e’tibor qaratildi.

«Tadbirkorlar shikoyatlari: Biznes-ombudsmani va boshqa himoya mexanizmlari» mavzusidagi 2-sessiyada korxonalarning qonuniy huquq va manfaatlari buzilganda, shu jumladan korrupsiya holatlarida, samarali murojaat kanallarini yaratishdagi muammo va yechimlar ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Biznes-ombudsmani o‘rinbosari Jamshid Urunovning   ta’kidlashicha, dunyo bo‘ylab biznes-ombudsman institutlari tadbirkorlarning dolzarb muammolarini hal etish va xususiy sektor manfaatlarida manzilli qarorlar qabul qilinishiga xizmat qilmoqda.

Forumning uchinchi sessiyasi «Davlat va biznes hamkorligi — korrupsiyaga qarshi kurashishda hal qiluvchi omil» mavzusiga bag‘ishlandi. Unda davlat va xususiy sektorda korrupsiyaga qarshi kurashish dasturlarini joriy etish, xalqaro standartlar va ilg‘or tajribalar muhokama qilindi.

BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujii xonim shunday dedi: «Bugungi maqsadimiz — korrupsiyaga qarshi kurashishda javobgarlik va oldini olish choralarini uyg‘unlashtirish, barcha korxonalar, jumladan kichik va o‘rta biznes sub’yektlari uchun mutanosib, adolatli rioya etish tizimini kengaytirish, halollikni O‘zbekiston bozorida haqiqiy raqobat ustunligiga aylantirishdan iborat.»

Tadbirda «Tadbirkorlarning virtual ofisi» tizimi ham tilga olindi. Bu platforma tadbirkorlarning shikoyatlarini ko‘rib chiqish jarayonini raqamlashtirish natijasida yaratilgan bo‘lib, ularga 24 soat davomida murojaat va taklif yuborish imkoniyatini beradi.

Biznes-ombudsman devoni bosh inspektori Guljamol Shukurova ma’lumot berishicha, 2025-yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra portalga 6903 ta murojaat va 7 898 ta savol kelib tushgan.

«Platformaning asosiy mohiyati — tadbirkor bilan davlat organi o‘rtasida ishonchli ko‘prik yaratishdir. Masalan, tadbirkor biror ruxsat hujjatini olishda qiynalsa, Virtual ofis orqali murojaat yuborganidan so‘ng, uning arizasi ijrosi bo‘yicha nazorat yo‘lga qo‘yiladi. Biznes-ombudsman xodimlari murojaatning o‘z vaqtida va to‘liq ko‘rib chiqilishini doimiy monitoring qiladi»,  — dedi G.Shukurova.

Joriy yilning 9 oyi davomida tadbirkorlik sub’yektlari murojaatlarini ko‘rib chiqishda qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga nisbatan 67 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan, tegishli idoralarga 4 ta taqdimnoma yuborilgan.

Murojaatlar natijasida tadbirkorlarga 14,1 milliard so‘m kredit ajratilishiga, 9,2 milliard so‘m mablag‘ undirilishiga, shuningdek, 4,5 milliard so‘m asossiz to‘langan soliqlarni qaytarishga ko‘maklashilgan.

Forum doirasida «Davlat va xususiy tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi kompleks dasturlarni ishlab chiqish: standartlardan amaliyotga», «Biznesda halollikni rag‘batlantirish va ilgari surish mexanizmlari: axloqiy amaliyotlarni ta’minlash uchun stimullar» mavzusidagi muhokamalar qizg‘in tus oldi.

Tadbir yakunida O‘zbekiston biznesining korrupsiyaga qarshi kurashish Xartiyasiga yangi a’zolarni qo‘shish marosimi o‘tkazildi. 

Ma’lumot uchun: O‘zbekistonda Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan «Biznesda halollik» forumi 2021-yildan buyon muntazam tashkil qilinmoqda.

B.Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring