«Jurnalistlar muloqot klubi» dolzarb muammolarni muhokama qilishga kelishib oldi (foto)
O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi sohaga oid muammolarni aniqlash, tahlil qilish va ularning yechimi bo‘yicha takliflar ishlab chiqish maqsadida, «Jurnalistlar muloqot klubi»ni tashkil etdi.
Klubning dastlabki tadbiri joriy yilning mart oyida jurnalistika sohasining faxriylari ishtirokida o‘tkazilgan edi. Bu galgi muloqotga bir guruh jurnalistlar, jamoatchilik vakillari va ijtimoiy tarmoq faollari taklif etildi.

Tadbirda ishtirokchilarga O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasining joriy faoliyati, rejalari va yangi loyihalari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, Uyushma tomonidan ekspertlar bilan hamkorlikda media sohasini rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilgan takliflar muhokama uchun o‘rtaga tashlandi.
Xususan, Uyushma qoshida Jurnalistlarga huquqiy-psixologik yordam ko‘rsatish markazini tashkil etish, tanlovlarda shaffoflikka erishish, ommaviy axborot vositalarini davlat grantlari orqali qo‘llab-quvvatlash, mediasavodxonlikni oshirish va jurnalistlar ixtisoslashuvini ta’minlashga qaratilgan seminar-o‘quvlar o‘tkazib borish, jurnalistika sohasida xalqaro tajriba almashuvni kuchaytirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. Ommaviy axborot vositalari faoliyatini tartibga solish va axborot olish kafolatlariga doir qonunchilik normalarini takomillashtirish, jurnalistlarni huquqiy va ijtimoiy himoyalash bo‘yicha takliflar bildirildi.

Muloqot davomida har bir ishtirokchining mulohazalari tinglandi va hamkorlikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar bo‘yicha fikr almashildi.
Tadbir yakunida «Jurnalistlar muloqot klubi» doirasida doimiy uchrashib, jurnalistika sohasining dolzarb masalalarini muhokama qilib borishga hamda davlat organlariga takliflar tayyorlashga kelishib olindi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter