«Olmazor tajribasi» ommalashtiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtning Olmazor tumanida huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan yangicha ish tizimi natijalarini tahlil qildi.
Ta’kidlanishicha, yil boshidan buyon tumanga Huquqni muhofaza qilish akademiyasining professor-o‘qituvchilari biriktirilgan. Ular 23 nafar tergovchi bilan hamkorlikda ishlab, hududda ko‘p uchraydigan jinoyatlarning oldini olish va tergov samaradorligini oshirishga qaratilgan zamonaviy uslublarni joriy etmoqda.
Akademiyaning 20 nafar talabasi esa dual ta’lim asosida tajribali tergovchilar va profilaktika inspektorlariga biriktirildi. Bu tizim talabalarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish bilan birga, mahallalardagi profilaktika ishlariga ham katta yordam bermoqda.
Bunday yondashuv natijasida tumandagi 64 ta mahallaning 13 tasida umuman jinoyat sodir etilmadi, kriminogen vaziyati og‘ir toifadagi mahallalar esa qolmadi. Ayollar ishtirokidagi jinoyatlar 22 tadan 10 taga kamaydi, muqaddam jazo o‘tab qaytgan shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir etish holatlari umuman kuzatilmadi.
Shu bilan birga, yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilik hamda tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq holatlar hali hamon alohida e’tibor talab qilishi ta’kidlandi.
Yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarni keskin kamaytirish bo‘yicha samarali profilaktika chora-tadbirlarini ishlab chiqish va bu borada «Olmazor tajribasi»ni yaratish vazifasi yuklatildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter