SI ko‘p narsani biladi, ammo iymon keltira oladimi?
Sun’iy intellekt tobora ko‘proq sohalarda insonning bilim olish, tahlil qilish va qaror qabul qilish jarayonlariga kirib kelmoqda. U diniy matnlarni tahlil qiladi, muqaddas kitoblar mazmunini tushuntirishi, diniy ta’limotlar haqida ma’lumot berishi va hatto inson bilan ma’naviy mavzularda muloqot qilishi mumkin. Ammo bu holat uni «iymonli» yoki «ruhiy intellekt»ga ega mavjudotga aylantiradimi?
Catholic Stand nashrida ruhoniy Natanil Dreyer aynan shu savolni o‘rtaga tashlaydi. Uning 10 sentyabrda e’lon qilingan maqolasida sun’iy intellektning bilim va axborotni qayta ishlash qobiliyati bilan insonning ma’naviy tajribasi o‘rtasidagi farq tahlil qilinadi.
Muallifning yondashuviga ko‘ra, ChatGPT kabi tizimlar ulkan hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilib, ular o‘rtasidagi qonuniyatlarni aniqlashi va inson savollariga mazmunli javob berishi mumkin. Masalan, katolik ta’limotiga oid maxsus sun’iy intellekt tizimlari diniy ta’limot, Bibliya yoki Katolik cherkovi katexizmidagi ma’lumotlarni taqdim etishi mumkin. Biroq ma’lumotga ega bo‘lish bilan ishonish o‘rtasida katta farq bor.
Maqolada ta’kidlanishicha, sun’iy intellektning diniy bilimlarni qayta ishlashi uning shaxsan iymon keltirganini anglatmaydi. Robot iymon haqida gapirishi, diniy matnlarni sharhlashi yoki hatto «Men Xudoga ishonaman» degan jumlani tuzishi mumkin. Ammo bu uning haqiqiy ma’naviy tajribaga ega ekanini isbotlamaydi.
Bu nuqta Katolik cherkovining rasmiy ta’limoti bilan ham bog‘lanadi. Katolik katexizmida iymon Allohning in’omi, ya’ni, ilohiy fayz bilan bog‘liq ekani qayd etilgan. Shu bilan birga, iymon insonning aqli va irodasi ishtirok etadigan haqiqiy insoniy amal sifatida ta’riflanadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, sun’iy intellektning «ruhiy intellekt»i haqidagi savol oddiy texnik imkoniyatlar masalasidan ancha kengroq. SI diniy bilimlarni qanchalik mukammal o‘zlashtirmasin, bilimning o‘zi iymonning o‘rnini bosa olmaydi.
Demak, sun’iy intellekt Alloh, din, ibodat va iymon haqida juda ko‘p ma’lumot berishi mumkin. Ammo diniy bilimni ifodalash bilan shaxsan iymon keltirish bir xil narsa emas. Bu bahs sun’iy intellekt rivojlangani sayin yanada dolzarb bo‘lib boradi. Zero, robotlar insonga o‘xshab gapirish, hissiyotlariga taqlid qilish va murakkab ma’naviy mavzularda muloqot qilishni tobora yaxshiroq o‘zlashtirmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter