PISA asoschisi ta’limda kuzatilayotgan xavfli holatdan ogohlantirdi
Dunyoga mashhur PISA tizimi asoschisi Andreas Shleyxer ko‘plab davlatlarda o‘quvchilarning bilim darajasi tushib borayotgani haqida bong urdi. Joriy hafta 91 mamlakatdagi 15 yoshli o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha bilim va savodxonlik darajasi aks etgan tahlillar e’lon qilingan edi.
«Ko‘rmoqdamizki, o‘quvchilarda nafaqat bazaviy savodxonlik pasaymoqda, shuningdek, ma’lumotlarni qiyoslash, axborotni tanqidiy tahlil qilish va murakkab matnlar bilan ishlash qobiliyati ham susaymoqda», — degan Andreas Shleyxer Euronews telekanaliga bergan intervyusida.
Sanab o‘tilgan xususiyatlar aynan sun’iy intellekt (SI) bilan ishlashda suv bilan havodek zarur hisoblanadi. Qiyos va tanqidiy tahlil malakasining susayishi o‘quvchilar kelajagiga soya solishi mumkin.
PISA asoschisi fikricha, SI texnologiyalaridan haddan ziyod ko‘p foydalanish o‘smirlarning bilim darajasiga salbiy ta’sir etmoqda. Tadqiqot jarayonida SIdan foydalanmaydigan o‘quvchilarda bilim va savodxonlik darajasi yuqori ekani ma’lum bo‘ldi. Shunga ko‘ra mutaxassis dunyo davlatlari ta’limida SIdan shunchaki iste’molchi sifatida emas, balki ijodiy va tanqidiy tafakkur asosida foydalanish lozimligini urg‘ulagan.
«SIdan ayrim davlatlar o‘quvchilarni teran fikrlashga, to‘g‘ri masalalarni izlashga majbur qilish hamda ularning yaxshiroq o‘qishiga yordam beradigan kuchli vositalarni taqdim etish maqsadida foydalanmoqda... Biz ta’lim tizimida SIdan iste’molchilik tarzida foydalanishdan ko‘proq ijodiy foydalanishga o‘tishimiz kerak», — degan Andreas Shleyxer.
PISA testlari natijasi Yevropa davlatlari orasida ham tafovut oshib borayotganini ko‘rsatdi. Masalan, Fransiya, Germaniya, Ispaniya kabi davlatlarda o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasi tushib ketgani kuzatildi. Qiziq jihati, Yevropaning kichik davlatlari ijobiy natija qayd etgan. Masalan, Estoniya o‘qish, matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha testlarda Yevropada birinchi o‘rinni olgan, dunyoda ham kuchli o‘ntalikka kirgan.
«Bu — raqamli dunyoni ehtiyotkorlik bilan, ammo juda puxta va mahsuldorlik bilan o‘zlashtirib borayotgan mamlakatning yorqin misolidir», — degan Shleyxer.
Ta’lim kelajagi haqida gapirarkan, yetakchi ekspert urg‘uni axloqiy qarorlar qabul qilish, murakkab insoniy munosabatlarda mo‘ljal ola bilish kabi qobiliyatlarga qaratish kerakligini ta’kidlagan.
U o‘quvchilar ta’limning passiv iste’molchici bo‘lib qolishi mumkin emasligi, balki o‘quv jarayonining faol ishtirokchiciga aylanishi kerakligini qayd etgan.
PISA asoschisi natijalarni yaxshilash uchun o‘qituvchi hamda ota-onalarning mas’uliyatini oshirish muhimligini aytgan.
Ma’lumot o‘rnida: Xalqaro o‘quvchilarni baholash dasturi (Programme for International Student Assessment, PISA) — dunyo davlatlarida 15 yoshli o‘quvchilarning o‘qish, matematika, tabiiy fanlar bo‘yicha savodxonligi hamda bilimlarni amaliyotda qo‘llash qobiliyatini baholovchi dasturdir. Ushbu testlar Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) tomonidan yetakchi xalqaro ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etiladi.
Avval xabar berganimizdek, PISA 2025 xalqaro baholash dasturi natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston tabiiy fanlar bo‘yicha 438 ball to‘plab, 91 ta davlat va ta’lim tizimi orasida 48-o‘rinni egallagan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter