Toshkentda jamoat transporti narxi oshishi mumkin — Transport vazirligi izoh berdi
Toshkent shahrida jamoat transportida yo‘l haqi tariflarini qayta ko‘rib chiqish taklif etilmoqda. Transport vazirligi mazkur loyiha yuzasidan izoh berib, yakuniy qaror hali qabul qilinmaganini ma’lum qildi.
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan loyihaga ko‘ra, 1-oktyabrdan avtobus yoki metroda bir martalik elektron to‘lovni amaldagi 1700 so‘mdan 2500 so‘mga oshirish taklif etilmoqda. Naqd pul orqali to‘lov 3000 so‘m miqdorida saqlab qolinadi, bagaj tashish haqi esa 4000 so‘m etib belgilanadi.
Shuningdek, doimiy yo‘lovchilar uchun yangi abonementlar joriy etish hamda jamoat transportning bir turidan boshqasiga o‘tish uchun alohida almashish tariflarini belgilash taklif qilinmoqda.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda poytaxt jamoat transporti har kuni qariyb 2,5 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatmoqda. So‘nggi yillarda transport tizimini rivojlantirish doirasida metro tarmog‘i kengaytirilib, yer usti jamoat transporti yo‘nalishlari bilan integratsiya qilindi.
Amalga oshirilgan islohotlar natijasida harakat tarkibi qariyb ikki baravarga kengayib, avtobuslar soni 1900 taga yaqinlashgan. Ularning o‘rtacha qatnov oralig‘i 30 daqiqadan 15 daqiqagacha qisqargan. Yo‘nalishlar tarmog‘i yangi turar joy massivlari va poytaxtga tutash hududlarni qamrab olish hisobiga kengaymoqda.
Transport vazirligi jamoat transportining xarajatlari faqat transport vositalarini xarid qilish bilan cheklanmasligini qayd etdi. Avtobus va boshqa transportlarning muntazam qatnovini hamda texnik sozligini ta’minlash uchun haydovchi va texnik xodimlar ish haqi, yoqilg‘i va elektr energiyasi, ehtiyot qismlar va shinalar, texnik xizmat va ta’mirlash, infratuzilmani saqlash, salonlarni tozalash, dispetcherlik, navigatsiya va elektron to‘lov tizimlari bilan bog‘liq xarajatlar amalga oshiriladi.
Qayd etilishicha, amaldagi tarif ushbu xarajatlarning faqat bir qismini qoplaydi. Tashuvlarni moliyalashtirishda asosiy yuk hamon davlat budjeti zimmasida qolmoqda.
Vazirlik tarifning ehtimoliy o‘zgarishi tashuvchilarga qo‘yiladigan talablar bilan birgalikda ko‘rib chiqilishi kerakligini ta’kidladi. Jumladan, qatnovlarning muntazamligi, belgilangan oraliqlarga rioya etilishi, transport vositalarining texnik holati va tozaligi, yo‘lovchilar xavfsizligi, xizmat ko‘rsatish madaniyati hamda yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish kabi talablar nazarda tutilmoqda.
Tariflarni o‘zgartirish bo‘yicha loyiha hozircha jamoatchilik muhokamasida. Fuqarolar 19-sentyabrga qadar Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali orqali o‘z taklif va mulohazalarini yuborishi mumkin.
Vazirlikning ta’kidlashicha, kelib tushgan takliflar yakuniy qarorni tayyorlash jarayonida ko‘rib chiqiladi. Jamoatchilik muhokamasi yakunlanmaguncha tariflarni o‘zgartirish bo‘yicha qaror qabul qilinmagan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter