O‘zbekistonlik 15 nafar ayol “Women in Tech CCA Awards” finalida
O‘zbekistonlik ayollar xalqaro texnologik maydonda yana bir bor o‘z so‘zini aytmoqda. 15 nafar o‘zbekistonlik ayol “Women in Tech CCA Awards – 2026” mintaqaviy mukofotining finaliga yo‘l oldi. Ular sun’iy intellekt, Web3, startap, muhandislik, ilmiy tadqiqot va ta’lim kabi zamonaviy texnologiyalarning eng muhim yo‘nalishlarida faoliyat yuritmoqda.
E’tiborlisi, bu O‘zbekiston uchun mazkur mukofot tarixidagi rekord natija. 2024-yilda finalga mamlakatimizdan 9 nafar, 2025-yilda esa 3 nafar vakil chiqqan bo‘lsa, joriy yilda ularning soni 15 nafarga yetdi. Bu esa raqamli sohada o‘z o‘rnini topayotgan, yangi g‘oya va loyihalar yaratayotgan o‘zbekistonlik xotin-qizlar safi tobora kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
13-oktyabr kuni Toshkentda o‘tkaziladigan mintaqaviy taqdirlash marosimida O‘zbekiston vakillari to‘qqizta nominatsiyada ishtirok etadi.
- "Best Ally Award” nominatsiyasida UZINFOCOM ma’lumotlarni belgilash bo‘limi rahbari Anora Amirova, School 21 bosh direktori Zarina Luxmanova va Agile Community vakili Natalya Ni finalchilar safidan joy olgan.
- “Youth in Tech” yo‘nalishidagi “Aspiring Teen Award” nominatsiyasida Women in Tech Uzbekistan yoshlar elchisi Kamilla Beknazarova hamda MehrGo hammuassisi Dilafruzxon Juraboyeva ishtirok etadi.
- “Most Impactful Initiative Award” nominatsiyasida Startup Garage Women tashabbusi vakili Zarnigor Mirsaidova finalga chiqqan.
- “Woman in Web3 Award” nominatsiyasida Web3 dasturchisi Soliha Xusnidinova, “Most Disruptive Award” nominatsiyasida esa AI LAB asoschilaridan biri va bosh direktori Anastasiya Markova O‘zbekiston nomidan ishtirok etadi.
- “Start-Up Award” nominatsiyasida Femmy (BLOOMY LLC) bosh direktori Maftuna Karimova va Yor Yor asoschilaridan biri va bosh direktori Mohinur Inomova finalchilar ro‘yxatidan o‘rin olgan.
- “TECH DIPLOMACY Award” nominatsiyasida Yandex Uzbekistan’ning Government Relations loyihalari rahbari Rahimaxon Nugmanova mamlakatimiz sharafini himoya qiladi.
- “Global Leadership Award” nominatsiyasida Nagoya universiteti tadqiqot assistenti Nodira Tillayeva va Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri maslahatchisi Ummatoy Yuldasheva ishtirok etadi.
- “Lifetime Achievement Award” nominatsiyasida esa O‘zbekiston Robototexnika va muhandislik assotsiatsiyasi ijrochi direktori o‘rinbosari Safina Teshaboyeva hamda Nukus davlat texnika universiteti assistenti Aygul Tumayeva finalga chiqqan.
Bu natija O‘zbekistonda xotin-qizlarning axborot texnologiyalari va innovatsiyalar sohasidagi ishtiroki tobora kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, finalchilar orasida yosh mutaxassislar, tadbirkorlar, muhandislar, olimlar va texnologik loyihalar rahbarlarining borligi sohada yangi avlod vakillari ham faollashib borayotganidan dalolat beradi. Mintaqaviy bosqichda g‘olib bo‘lganlar 3-dekabr kuni Parijda o‘tkaziladigan “Women in Tech Global Awards” tadbirida Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasi nomidan ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
15 nafar o‘zbekistonlik ayolning bir vaqtning o‘zida xalqaro texnologik mukofot finaliga chiqishi nafaqat shaxsiy yutuq, balki mamlakatimizda raqamli iqtisodiyot va innovatsion ekotizim rivojida xotin-qizlarning o‘rni mustahkamlanib borayotganining muhim ko‘rsatkichidir.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter