Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Orolbo‘yida 670 dan ortiq noyob yo‘rg‘a tuvaloq yovvoyi tabiatga qo‘yib yuborildi

Orolbo‘yida 670 dan ortiq noyob yo‘rg‘a tuvaloq yovvoyi tabiatga qo‘yib yuborildi

Foto: Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida 672 ta yo‘rg‘a tuvaloq tabiatga qo‘yib yuborildi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.

Qushlar Qozog‘istondagi ixtisoslashtirilgan ko‘paytirish markazida parvarish qilindi. Zarur tayyorgarlikdan o‘tkazilgach, Orolbo‘yiga olib kelinib, yovvoyi tabiat qo‘yniga qo‘yib yuborildi.

Tadbir Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari mutaxassislari, xalqaro ekspertlar, CITES ma’muriy organi vakillari hamda «Falcon Hunting Solutions» MChJ xodimlari nazorati ostida o‘tkazildi. Bunday yondashuv noyob turlarni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro talablarga rioya etilishini ta’minlash va ularni tabiiy muhitga qayta moslashtirish dasturlari samaradorligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Ta’kidlanishicha, yo‘rg‘a tuvaloq populyasiyasini tiklash Orol dengizi mintaqasi uchun alohida ahamiyatga ega. Orol dengizining qurishi oqibatida yuzaga kelgan ekologik inqiroz Qoraqalpog‘istonning tabiiy ekotizimlarida jiddiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Natijada cho‘l va dasht hududlariga xos ko‘plab hayvon hamda qushlarning tabiiy yashash maydonlari qisqarib, ularning soni sezilarli darajada kamaydi.

Yo‘rg‘a tuvaloq alohida muhofazaga muhtoj bo‘lgan noyob turlar sirasiga kiradi. Uni tabiiy yashash muhitiga qaytarish tabiatdagi ekologik muvozanatni tiklash va Orolbo‘yi bioxilma-xilligini saqlashga xizmat qiladi.

Qushlarni tabiat qo‘yniga qo‘yib yuborish mintaqada ekologik muvozanatni tiklash, noyob fauna turlarini asrab-avaylash hamda yo‘qolib borayotgan turlarni o‘z tabiiy yashash joylariga qaytarishga qaratilgan kompleks ishlarning bir qismidir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring