Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida xalqaro memorandum imzolandi

O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida xalqaro memorandum imzolandi

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi “Davlat ekologik ekspertizasi markazi”davlat muassasasi hamda Xalqaro ekologik ta’sirni baholash assotsiatsiyasi (IAIA, Italiya ofisi) o‘rtasida atrof-muhitga ta’sirni baholash tizimiga sun’iy intellektni joriy etish va salohiyatni oshirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

Mazkur hujjat mamlakatimiz ekologik ekspertiza va atrof-muhitga ta’sirni baholash tizimiga zamonaviy raqamli texnologiyalar hamda sun’iy intellekt yechimlarini izchil joriy etish yo‘lidagi muhim qadamdir. Marosimda Davlat ekologik ekspertizasi markazi Bosh direktori G‘.Muxamedov va Xalqaro ekologik ta’sirni baholash assotsiatsiyasi Italiya ofisi prezidenti J.Magro, Italiya Ekologiya va energetika vazirligi, YeXHT vakillari ishtirok etdi.

Memorandum IAIA tomonidan ilgari surilayotgan, sun’iy intellektdan foydalanishga asoslangan xalqaro“Permitting 5.0” konsepsiyasi va Ekologik boshqaruv platformasi (Environmental Governance Platform – EGP) doirasida amalga oshirilmoqda. Ushbu tizim atrof-muhitga ta’sirni baholash jarayonlarining shaffofligi, sifati va samaradorligini xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarishni maqsad qilgan.

Memorandum doirasida hamkorlikning quyidagi ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi:

- Markazning mavjud raqamli tizimiga sun’iy intellekt vositalarini integratsiya qilish orqali ekologik materiallarni tahlil qilish, loyihalarni dastlabki baholash va kumulyativ ta’sirlarni prognozlashni avtomatlashtirish;

- Ekologik ekspertiza sohasida eng yangi texnologik yechimlarni sinovdan o‘tkazish uchun maxsus pilot tashabbuslarini yo‘lga qo‘yish;

- Sun’iy intellektni ekologik baholash jarayoniga tadbiq etish bo‘yicha xalqaro tajriba asosida milliy metodologiya va qo‘llanmalar yaratish;

- Davlat ekologik ekspertizasi markazi mutaxassislari uchun raqamli texnologiyalar va IT yo‘nalishida xalqaro trening, vebinar va xorijiy malaka oshirishlar tashkil etish.

Memorandum 5 yil muddatga imzolangan bo‘lib, tomonlarning sohadagi uzoq muddatli strategik maqsadlari mushtarakligini anglatadi. Ushbu tashabbus O‘zbekistonda “Yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida investitsiyaviy muhit jozibadorligi va xalqaro ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring