Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda 464 ta gaz va yoqilg‘i quyish shoxobchasi faoliyati to‘xtatildi

O‘zbekistonda 464 ta gaz va yoqilg‘i quyish shoxobchasi faoliyati to‘xtatildi

O‘zbekistonda gaz va yoqilg‘i quyish shoxobchalarida xavfsizlik talablariga rioya etilishini kuchaytirish maqsadida keng ko‘lamli tekshiruvlar o‘tkazildi. Natijada xavflilik darajasi yuqori deb topilgan 464 ta shoxobcha faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.

Vazirlar Mahkamasining «Yoqilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish inshootlarida avariya va noxush hodisalarning oldini olish hamda inson hayotiga xavf soluvchi omillarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida keltirilishicha, respublika bo‘yicha faoliyat yuritayotgan avtomobillarga gaz quyish kompressor shoxobchalari, gaz to‘ldirish shoxobchalari va yoqilg‘i quyish shoxobchalarida kompleks xatlov o‘tkazilgan.

O‘rganishlar davomida sanoat xavfsizligi, yong‘in xavfsizligi, qurilish normalari hamda texnik tartibga solish qoidalari buzilishi bilan bog‘liq jami 46 ming 737 ta kamchilik aniqlangan. Shundan 7 ming 166 tasi tekshiruv jarayonidayoq bartaraf etilgan. Biroq inson hayoti va sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan 464 ta obyekt faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.

Hukumat qarori bilan gaz va yoqilg‘i quyish shoxobchalari uchun yong‘in xavfsizligi, sanoat xavfsizligi, metrologiya hamda ekologik talablarning minimal mezonlari tasdiqlandi. Endilikda mazkur talablarning hatto bittasiga rioya etmaslik ham litsenziya yoki ruxsatnoma bekor qilinishiga asos bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab texnik pasporti mavjud bo‘lmagan, ishlab chiqarilgan joyi va yili noma’lum bo‘lgan yoki xizmat muddati tugagan bosim ostida ishlovchi uskunalardan foydalanish bosqichma-bosqich taqiqlanadi. Bu jarayon 2030-yil 1-yanvarga qadar to‘liq yakunlanishi rejalashtirilgan.

Qarorda aholi xavfsizligini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilgan. Maktab, bog‘cha, shifoxona va aholi yashash joylariga xavfli masofada qurilgan gaz hamda yoqilg‘i quyish shoxobchalari maxsus reyestrga kiritilib, ularni ko‘chirish yoki faoliyatini tugatish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur choralar so‘nggi yillarda ayrim gaz quyish shoxobchalarida kuzatilgan avariya va portlash holatlarining oldini olish, sohada xavfsizlikni kuchaytirish hamda inson hayotini muhofaza qilishga qaratilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring