Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda bolalar va kattalar uchun «qo‘shimcha ta’lim» qonuniylashtiriladi

O‘zbekistonda bolalar va kattalar uchun «qo‘shimcha ta’lim» qonuniylashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasining joriy yil 23-oktyabrdagi O‘RQ-1091-son qonuni bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Hujjat matniga ko‘ra, hozirgi kunda bolalar bilan teng ravishda katta yoshdagilarning ham bilim olishga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganligini inobatga olib, ularga ham o‘quv markazlari, axborot-kutubxona va sog‘lomlashtirish ta’lim tashkilotlari tomonidan ta’lim xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Bu esa katta yoshdagilarning qo‘shimcha ta’lim olishi uchun aniq huquqiy asoslar yaratilishini hamda qonunchilikda mustahkamlab qo‘yilishini talab etmoqda.

Ushbu Qonun bilan esa O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga maktabdan tashqari ta’lim turi qo‘shimcha ta’lim turiga almashtirilishini hamda ushbu sohadagi xabardor qilish tartibini, vakolatli organlarning aniqlashtirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Jumladan, «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonunga  qo‘shimcha ta’limni tartibga soluvchi alohida modda – 14-modda qo‘shilmoqda.

Unga ko‘ra, qo‘shimcha ta’lim bolalar va katta yoshdagilarning ijodiy qobiliyatini shakllantirishga hamda kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga, intellektual va jismoniy takomillashuvga bo‘lgan individual ehtiyojlarini qanoatlantirishga, sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga, sog‘lig‘ini mustahkamlashga va bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etishga qaratilgan bo‘lib, u quyidagi turlarni o‘z ichiga oladi:

  • bolalar uchun qo‘shimcha ta’limni;
  • katta yoshdagilar uchun qo‘shimcha ta’limni.

Bolalar uchun qo‘shimcha ta’lim uzluksiz ta’lim berishning tarkibiy qismi sifatida ularning iste’dodi va qobiliyatini rivojlantirish, ma’naviy ehtiyojlarini qanoatlantirish maqsadida amalga oshiriladi.

Bunda davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek tijorat tashkilotlari madaniy-estetik, ilmiy, texnikaviy, sport va boshqa yo‘nalishlarda bolalar uchun qo‘shimcha ta’lim tashkilotlarini tashkil etishi mumkin.

Bolalar uchun qo‘shimcha ta’lim tashkilotlari jumlasiga bolalar va o‘smirlar ijodiyoti saroylari, uylari, klublari va markazlari, «Barkamol avlod» bolalar maktablari, bolalar-o‘smirlar sport maktablari, bolalar musiqa va san’at maktablari, studiyalar, axborot-kutubxona hamda sog‘lomlashtirish muassasalari kiradi.

Katta yoshdagilar uchun qo‘shimcha ta’lim ularning ta’limga bo‘lgan ehtiyojlarini qanoatlantirish, qo‘shimcha bilim va ko‘nikmalarni egallashiga ko‘maklashish uchun tashkil etiladi.

Qo‘shimcha ta’lim berish tartibi ta’lim sohasidagi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan belgilanadi.

57-1-moddasi esa yangi tahrirda bayon etilmoqda. Unga ko‘ra, bolalar uchun qo‘shimcha ta’lim, oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti shaklida ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishga doir faoliyat O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligini, katta yoshdagilar uchun qo‘shimcha ta’lim, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish shaklidagi faoliyat esa O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligini belgilangan tartibda xabardor qilish orqali amalga oshiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring