Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident energetika vazirining ishdan ketish sababini ochiqladi

Prezident energetika vazirining ishdan ketish sababini ochiqladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida energetika tizimidagi boshqaruv muammolari keskin tanqid qilindi. Yig‘ilishda tizimda aniqlangan kamchiliklar uchun Energetika vaziri hamda «Hududiy elektr tarmoqlari» rahbari lavozimidan ozod etilgani ma’lum qilindi.

Davlat rahbari Surxondaryo viloyatida qurilayotgan bug‘-gaz elektr stansiyasi uchun joy noto‘g‘ri tanlanganini tanqid qildi. Buning natijasida stansiyaga gaz yetkazib berish uchun qo‘shimcha 300 million dollar sarflashga to‘g‘ri kelayotgani qayd etildi.

Shuningdek, tashabbuskor bilan tuzilgan shartnoma shartlari yetarlicha puxta o‘rganilmagani qo‘shimcha xarajatlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi. Mas’ullarga shartnoma shartlarini qayta ko‘rib chiqish topshirildi.

Yig‘ilishda «Milliy elektr tarmoqlari», «Issiqlik elektr stansiyalari», «Transgaz» va «Hududgaz» rahbarlariga yil yakunigacha sinov muddati belgilandi. Agar belgilangan vazifalar ijrosida natija bo‘lmasa, ular ham lavozimidan ozod etilishi haqida ogohlantirildi.

Prezident yangi Energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev, «Hududiy elektr tarmoqlari»ning yangi rahbari Sardor Isaqulov hamda Energiya inspeksiyasining yangi boshlig‘i Ahad Isoqjonov bugundan boshlab mutlaqo yangi ish uslubini joriy qilishi shartligini ta’kidladi.

Davlat rahbari hokimlarga ham murojaat qilib, energetika sohasidagi muammolarga befarq qarash mumkin emasligini bildirdi. «Hokimlar ham «Bu energetiklarning ishi» deb xotirjam o‘tirishga haqqi yo‘q. So‘rov qattiq bo‘ladi», — dedi Prezident.

Yig‘ilishda tarmoqdagi texnik va tijorat yo‘qotishlari ham tahlil qilindi. Ma’lum qilinishicha, elektr energiyasidagi yo‘qotishlar 17,2 foizni tashkil etmoqda. Joriy yilning olti oyida 4,8 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi yo‘qotilgan.

Andijon shahri, Asaka, Yangiobod, Koson, Ko‘kdala, Boysun, Oltinsoy, Qo‘shtepa, Toshloq, Qo‘shrabot va Samarqand tumanlarida yo‘qotishlar 25 foizdan yuqori ekani qayd etildi.

Shuningdek, ASKUE va ASKUG tizimlari joriy etilganiga to‘rt yildan oshgan bo‘lsa-da, aholi xonadonlaridagi 300 mingta gaz va 234 mingta elektr hisoblagich tarmoqqa ma’lumot uzatmayotgani tanqid qilindi. Bu ayrim hududlarda debitor qarzdorlikning kamayish o‘rniga oshib borishiga sabab bo‘layotgani, energiya samaradorligi esa faqat quyosh panellari o‘rnatish bilan cheklanmasligi ta’kidlandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring