Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident mustaqillik bayramida nutq so‘zlamoqda

Prezident mustaqillik bayramida nutq so‘zlamoqda

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda nutq so‘zlamoqda.

​Davlatimiz rahbari xalqimizni ayyom bilan samimiy tabrikladi. Eng ulug‘ bayramimiz Yangi Toshkentda o‘tkazilayotgani tantana shukuhini yanada oshirayotganini ta’kidladi.

​Kelgusida ilm-fan, ta’lim va madaniyat markazi bo‘ladigan ushbu hududda kuni kecha Yangi O‘zbekiston universiteti, Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti hamda O‘zbekiston milliy kutubxonasining muhtasham binolari ishga tushirildi.

​Tantana ishtirokchilari huzurida ochiladigan favvora dunyodagi eng baland musiqali favvora sifatida «Ginnessning rekordlar kitobi»dan joy olgani bayram kayfiyatiga yanada baland ruh bag‘ishlashi qayd etildi.

​– Bir necha yuz yillik orzular ro‘yobga chiqayotgan ushbu betakror makonda butun xalqimiz bilan hali yana ko‘plab quvonchli va tarixiy voqealarga guvoh bo‘lamiz.

​Aminmanki, Yangi Toshkent poytaxtimizning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekistonning kuch-qudratini namoyon etadigan chinakam taraqqiyot markaziga aylanadi,– dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari 1991-yilda xalqimizning xohish-irodasi va qat’iyati bilan davlat mustaqilligi qo‘lga kiritilganini ta’kidladi.

​Buyuk istiqlolimiz ildizlari uch ming yildan ziyod davlatchilik an’analarimiz va qadimiy sivilizatsiyamiz tarixiga borib taqaladi.

​Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek va Mir Alisher Navoiy kabi buyuk allomalarimiz bashariyat tafakkuri xazinasini boyigani qayd etildi.

​Sohibqiron Amir Temur bobomiz barpo etgan davlat adolat va bunyodkorlik timsoli sifatida tarix zarvaraqlaridan munosib o‘rin olgani ta’kidlandi.

​– Vatan ozodligi va milliy istiqlol yo‘lida jonini fido qilgan Behbudiy, Munavvarqori, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon kabi jadid bobolarimizning hurriyat haqidagi orzu-niyatlari bugun Yangi O‘zbekistonda to‘liq ro‘yobga chiqmoqda.

​Mustaqillik bizga shonu sharafimiz, muqaddas dinimiz, ona tilimiz va unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi. Istiqlol tufayli biz o‘zligimizni anglab, ulug‘ ota-bobolarimizning munosib vorislari ekanimizni butun dunyoga namoyon etdik,– dedi davlatimiz rahbari.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring