Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qo‘shtepa masalasini Afg‘onistonga siyosiy bosim o‘tkazish orqali hal etib bo‘lmaydi – sobiq elchi

Qo‘shtepa masalasini Afg‘onistonga siyosiy bosim o‘tkazish orqali hal etib bo‘lmaydi – sobiq elchi

O‘zbekistonning Afg‘onistondagi sobiq elchisi Yodgorxo‘ja Shodmonov Qo‘shtepa kanali qurilishini faqat xavf sifatida baholash noto‘g‘ri ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, Amudaryo suvidan foydalanish masalasi siyosiy bosim bilan emas, Afg‘oniston ishtirokidagi ochiq muzokaralar orqali hal qilinishi kerak.

Abror Fatxullayevning podkastida O‘zbekistonning Afg‘onistondagi sobiq elchisi Yodgorxo‘ja Shodmonov bilan Qo‘shtepa kanali qurilishi va uning Markaziy Osiyo davlatlariga ta’siri haqida suhbatlashildi

Suhbat davomida sobiq elchi Afg‘onistonning Amudaryo suvidan foydalanish huquqi, kanal qurilishining O‘zbekiston va Turkmaniston uchun ehtimoliy oqibatlari hamda suv masalasini hal etish yo‘llari haqida fikr bildirdi.

Diplomatning ta’kidlashicha, Qo‘shtepa kanali bilan bog‘liq vaziyatga baho berishda Afg‘onistonning ham manfaatlarini hisobga olish zarur.

Uning aytishicha, Amudaryo suvini taqsimlash tizimi asosan Sovet Ittifoqi davrida shakllangan. O‘sha paytda suv resurslari sobiq ittifoq respublikalari o‘rtasida taqsimlangan, Afg‘oniston esa bu tizimdan tashqarida qolgan.

Shu sababli mamlakatning suvdan foydalanish ehtiyojlari va huquqlari avvalgi hisob-kitoblarda yetarlicha inobatga olinmagan.

Sobiq elchi Afg‘onistonga Amudaryo suvidan foydalanishni butunlay taqiqlab bo‘lmasligini qayd etdi. Biroq daryo suvining qancha qismi olinishi va bu jarayon qanday nazorat qilinishi mintaqadagi barcha davlatlar uchun muhim ahamiyatga ega.

Qo‘shtepa kanali orqali Afg‘oniston shimolidagi katta hududlarni sug‘orish, yangi qishloq xo‘jaligi yerlarini o‘zlashtirish va aholini ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan.

Bu loyiha Afg‘oniston uchun iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatga ega. Mamlakat qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va yangi ish o‘rinlarini yaratishni maqsad qilgan.

Biroq Amudaryodan katta miqdorda suv olinishi daryoning quyi qismida joylashgan O‘zbekiston va Turkmanistonga yetib keladigan suv hajmini kamaytirishi mumkin.

Bu, birinchi navbatda, sug‘oriladigan yerlar, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi va aholining suv ta’minotiga ta’sir qilishi ehtimoldan xoli emas.

Ayniqsa, mintaqada iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi muammosi kuchayib borayotgan bir paytda Qo‘shtepa kanalining ishga tushishi qo‘shimcha xavotirlarni keltirib chiqarmoqda.

Yodgorxo‘ja Shodmonov kanalning qanday qurilayotgani ham muhim masala ekanini ta’kidladi.

Agar kanalning tagi va yon devorlari tegishli darajada mustahkamlanmasa, suvning katta qismi yerga singib ketishi mumkin. Natijada Amudaryodan olingan suvning hammasi ham ekin maydonlariga yetib bormaydi.

Bunday holat suv resurslarining samarasiz sarflanishiga olib keladi. Bu esa nafaqat O‘zbekiston va Turkmaniston, balki Afg‘onistonning o‘zi uchun ham zararli.

Shuning uchun sobiq elchi Afg‘onistonga kanalni texnik jihatdan to‘g‘ri qurish, suv yo‘qotilishini kamaytirish va zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy etishda yordam berish mumkinligini bildirdi.

Suhbatda qayd etilishicha, bugungi kunda Afg‘oniston bilan Amudaryo suvini taqsimlash bo‘yicha barcha tomonlar tan olgan aniq huquqiy kelishuv mavjud emas.

Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida suvdan foydalanish bo‘yicha muayyan mexanizmlar ishlab chiqilgan. Ammo Afg‘oniston bu tizimning to‘liq ishtirokchisi hisoblanmaydi.

Shodmonovning fikricha, endi Afg‘onistonni ham mintaqadagi suv resurslarini boshqarish va taqsimlash jarayoniga jalb qilish zarur.

Muzokaralarda Afg‘oniston oladigan suv miqdori, kanalning texnik holati, suv yo‘qotilishini kamaytirish va barcha davlatlarning manfaatlarini himoya qilish masalalari muhokama qilinishi kerak.

Sobiq elchi Qo‘shtepa kanali masalasini Afg‘onistonga nisbatan siyosiy bosim o‘tkazish yoki ziddiyatni kuchaytirish orqali hal etib bo‘lmasligini ta’kidladi.

Uning fikricha, suv masalasi davlatlarni bir-biriga qarshi qo‘yadigan emas, balki hamkorlikka undaydigan omil bo‘lishi kerak.

Afg‘oniston o‘z iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishga intiladi. O‘zbekiston ham o‘z aholisi, qishloq xo‘jaligi va ekologik xavfsizligi uchun zarur bo‘lgan suv resurslarini saqlab qolishi lozim.

Shuning uchun tomonlar o‘rtasida doimiy muloqot o‘rnatish, texnik va huquqiy masalalarni birgalikda hal etish hamda o‘zaro manfaatli kelishuvga erishish Qo‘shtepa kanali bilan bog‘liq xavflarni kamaytirishning eng maqbul yo‘li sifatida ko‘rilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring