Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqand va Qashqadaryoda "yersotar"lar qo‘lga olindi

Samarqand va Qashqadaryoda

Foto: Xabar.uz

Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlari aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanida donli ekinlar yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi fermer xo‘jalik rahbari hokimiyat tizimidagi tanishlari orqali xo‘jalikning 3 gektar yer maydonini issiqxona tashkil etmoqchi bo‘lgan, Samarqand shahrida yashovchi fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 300 ming dollar talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati va viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fermer xo‘jalik rahbari oldindan 20 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi (pora berish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qashqadaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa Qarshi tumanida yashovchi, 1992 va 1998 yillarda tug‘ilgan 2 nafar shaxs o‘zaro til biriktirib, davlat zaxirasidagi 8 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali Ko‘kdala tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroga yashash xonadoni qurishi uchun olib berish evaziga 180 mln so‘m talab qilgan.

Ular oldindan 10 ming dollar olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ushlangan.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 2-qismi “a”, “b” bandlari va 28,211-moddasi (pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring