Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Saudiya 100 nafar o‘zbekistonlik shifokorga ish taklif qilmoqda

Saudiya 100 nafar o‘zbekistonlik shifokorga ish taklif qilmoqda

Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatdagi xususiy tibbiyot muassasalari uchun o‘zbekistonlik shifokor va hamshiralarni jalb etish tashabbusini ilgari surdi. Bu masala O‘zbekistonning Ar-Riyozdagi elchixonasi diplomatlari hamda vazirlik Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i, «Vigour Locomotion Medical Center» tibbiy reabilitatsiya markazi boshqaruv direktori Vadha bint Saad al-Hajriy ishtirokidagi uchrashuvda muhokama qilindi.

Saudiya tomoni ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat xususiy kasalxonalari va tibbiyot markazlarida qariyb 4,5 ming nafar xorijiy shifokor va hamshiraga ehtiyoj mavjud. Shu munosabat bilan birinchi bosqichda 100 nafar o‘zbekistonlik mutaxassisni ishga qabul qilish taklifi bildirildi.

Taklif etilayotgan mehnat shartlariga muvofiq, ish beruvchi xodimlarning iqomasi (rasmiy yashash va ishlash ruxsatnomasi), turar joyi, ichki transport xarajatlari, tibbiy sug‘urtasi hamda yillik aviachipta xarajatlarini to‘liq qoplab beradi.

Ma’lum qilinishicha, yosh shifokorlar uchun oylik ish haqi 4 500–5 600 saudiya riali, tajribali mutaxassislar uchun 5 600–9 300 saudiya riali, hamshiralar uchun esa 3 000–3 750 saudiya riali etib belgilangan.

Ehtiyoj asosan oilaviy shifokorlar, akusher-ginekologlar, fizioterapevtlar, dermatologlar, bolalar psixologlari hamda yuz-jag‘ jarrohlari kabi mutaxassisliklar bo‘yicha shakllangan.

Saudiya tomoni o‘zbekistonlik tibbiyot xodimlarining kasbiy mahorati, mehnatsevarligi va intizomini yuqori baholab, ingliz tilini yaxshi biladigan hamda kasbiy etika qoidalariga qat’iy amal qiladigan mutaxassislarga talab yuqori ekanini ta’kidladi.

Uchrashuvda Ar-Riyoz provinsiyasida zamonaviy ko‘p tarmoqli sog‘lomlashtirish tibbiyot markazini qurish loyihasi ham taqdim etildi. Saudiya tomoni ushbu loyihada o‘zbekistonlik investorlarni ishtirok etishga taklif qildi.

Loyiha amalga oshirilsa, O‘zbekistondan quruvchilar, muhandislar, elektriklar, santexniklar, duradgorlar, haydovchilar va boshqa sohalar mutaxassislarini jalb qilish, keyinchalik esa yangi sanatoriy faoliyati uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, Vadha bint Saad al-Hajriy iyul oyi oxirida Saudiya Arabistoni sog‘liqni saqlash vaziri boshchiligidagi delegatsiya tarkibida O‘zbekistonga tashrif buyurishini ma’lum qildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring