Shahidlar xotirasi xiyobonidan Chilonzor tumanigacha 20 kilometrlik piyodalar yo‘lagi qurilishi mumkin
Poytaxtning tarixiy qismi – Eski shahar hududini kompleks rivojlantirish masalasi ham muhokama qilindi.
Xorijiy kompaniyalarni jalb qilgan holda 1 noyabrga qadar mazkur hududni rivojlantirish bo‘yicha yagona konsepsiya va aniq loyihalar portfelini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda poytaxtdagi davlat idoralariga tegishli binolardan samarali foydalanish masalasiga ham e’tibor qaratildi. Bugun Toshkentda umumiy maydoni 765 ming kvadrat metr bo‘lgan 497 ta ma’muriy bino mavjud.
Davlat tashkilotlarini maqbul tarzda joylashtirish, bo‘sh va samarasiz foydalanilayotgan maydonlarda savdo, servis, xususiy tibbiyot va ta’lim xizmatlarini yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.
Mas’ullarga davlat idoralari binolarini xatlovdan o‘tkazib, maqbul maydonlarni tadbirkorlarga kafolatli shartlarda uzoq muddatli ijaraga berish bo‘yicha amaliy ishlarni tashkil etish topshirildi.
Yig‘ilishda davlat mulkini xususiylashtirish orqali yangi investitsiya va biznes loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Birgina Olmazor tumanining o‘zida qiymati 100 milliard so‘m bo‘lgan 52 ta davlat obyekti savdoga chiqarilmoqda. Ularni tayyor biznes loyihalari bilan birga tadbirkorlarga taklif etish budjet tushumlari va iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, aholining ko‘proq piyoda yurishi, sport bilan shug‘ullanishi va ochiq havoda dam olishi uchun zamonaviy infratuzilma yaratish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Qichqiriq mahallasida 2,5 kilometr soybo‘yi hududida ekosayilgoh va 12,5 kilometr piyodalar yo‘lagi tashkil etilgan. Bu aholi orasida ertalab badantarbiya qilish va kechqurun piyoda sayr qilish odatini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Poytaxtdagi kanal va katta ariqlar bo‘yini aholi uchun ochiq va xavfsiz sayr hududiga aylantirish taklif qilindi. Jumladan, Bo‘zsuv kanalining Shahidlar xotirasi xiyobonidan Chilonzor tumanigacha bo‘lgan qismida 20 kilometrlik uzluksiz piyodalar yo‘lagini tashkil qilish imkoniyati mavjud.
Bu borada bir oy ichida alohida loyiha ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Mahallalarda kichik biznes va xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlardan samarali foydalanish zarurligi ta’kidlandi.
Ko‘p kvartirali uylarning birinchi qavatlarini savdo va servis faoliyatiga moslashtirish imkoniyatlari kengaytirilmoqda. Shu bilan birga, Toshkent shahrida biznes boshlamoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun garovsiz kredit limiti 100 million so‘mdan 200 million so‘mga oshiriladi.
Olmazor tumanida ushbu imkoniyatlardan foydalanib, joriy yilning o‘zida 300 nafar yangi tadbirkorni qo‘llab-quvvatlash va 1 mingta ish o‘rni yaratish belgilandi. Mazkur tajribani poytaxtning boshqa tumanlariga ham kengaytirib, yil yakunigacha 20 ming nafar aholini daromadli ish bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi.
Miskin va Ibrohim ota mahallalari hududidagi 305 gektar sanoat zonasida 504 ta tadbirkorlik obyekti mavjud. Ularning aksariyati 1-2 qavatli binolarda joylashgani sababli hududning iqtisodiy salohiyatidan to‘liq foydalanilmayapti.
Bu yerda ish o‘rinlarini hozirgi 35 mingdan 100 mingga, eksport hajmini esa 600 million dollarga yetkazish imkoniyati borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Tadbirkorlarga sanoat ipotekasi, kredit va lizing kabi qulay moliyaviy instrumentlarni taklif etib, sanoat hududida yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan yangi loyihalar boshlanishi belgilandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter