«Sharmandali mahalla» va «Uyatli xonadon»: «g‘aroyib» g‘oya o‘ylab topish navbati Chinoz hokimiga keldi
Yaqinda ijtimoiy tarmoqda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani hokimi xonadonlardan biriga kirib, uyning sanitar holatini tanqid qilgani, uydagi muzlatgichni ochib, tekshirgani va uy egasiga tozalikka amal qilmagani uchun jarima solishni buyurgani aks etgan video tarqalgandi. Voqea jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilinib, Shahrisabz hokimi ko‘plab tanqidlarga uchradi. Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi unga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazishni talab qildi. Endigi navbat Toshkent viloyati Chinoz tumani hokimi Sherzod Solihovga kelgan ko‘rinadi.
Hokim tumanning Birlik mahallasidagi obodonlashtirish ishlari qoniqarsiz ekani sababli hududni «sharmandali mahalla» deb e’lon qildi. Ishchilardan biriga ko‘zga ko‘rinadigan joyga «Sharmandali mahalla» degan yozuvni o‘rnatishni topshirdi. Mazkur holat aks etgan video tuman hokimligining Telegram-kanalida e’lon qilindi, ammo biroz vaqtdan so‘ng o‘chirib yuborildi.
Tuman hokimi yo‘l bo‘yida joylashgan Birlik mahallasi viloyat hokimi topshirig‘i bilan tayanch mahalla sifatida tanlanganini aytgan. Biroq o‘rganish davomida mahallada gul va rayhon ekilmagani, o‘tlar o‘rib olinmagani hamda o‘rilgan o‘tlar hududdan olib chiqilmagani qayd etilgan.
Hududdagi obodonlashtirish ishlari, sanitariya holati, aholi murojaatlari bilan ishlash va belgilangan vazifalar ijrosi qoniqarsiz deb baholangan.
Mahallalarga biriktirilgan korxona va tashkilotlar rahbarlariga hududlarni shaxsan nazorat qilish, obodonlashtirish ishlarini jadallashtirish hamda bajarilgan ishlar yuzasidan fotohisobot taqdim etish buyurilgan.
Shuningdek, videotasvirda hokim kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etmagan ayrim xonadonlarga «Uyatli xonadon» yozuvi osib qo‘yilishi mumkinligini ham aytgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter