Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda har bir mahallaning energetik pasporti shakllantiriladi

O‘zbekistonda har bir mahallaning energetik pasporti shakllantiriladi

Foto: Xabar.uz

O‘zbekistonda har bir mahalla bo‘yicha elektr va tabiiy gaz ta’minotiga oid barcha zarur ma’lumotlarni o‘zida jamlagan energetik pasport shakllantiriladi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Unda mahalladagi iste’molchilar soni va ularning toifalari, elektr energiyasi va tabiiy gaz infratuzilmasining mavjud holati, uni ta’mirlash va modernizatsiya qilish uchun zarur mablag‘ hamda vaqt, shuningdek, yangi iste’molchilarni tarmoqqa ulash imkoniyatlari aks ettiriladi.

Agar mavjud quvvat yangi iste’molchilar ehtiyojini qoplash uchun yetarli bo‘lmasa, infratuzilmani qaysi yo‘nalishlarda kuchaytirish yoki kengaytirish zarurligi ham belgilanadi.

Shuningdek, elektr va gaz ta’minoti korxonalari hamda iste’molchilar o‘rtasidagi muloqotni yaxshilash uchun zamonaviy onlayn platformalar ishga tushiriladi. Aholi va tadbirkorlar zarur ma’lumotlarni mobil ilovalar orqali olishlari, jumladan, elektr va gaz ta’minotidagi uzilishlar haqida tezkor axborotga ega bo‘lishlari mumkin bo‘ladi. Call-markazlar faoliyati ham takomillashtiriladi.

Elektr energiyasi va tabiiy gazni yetkazib berishdagi yo‘qotishlar hamda debitor qarzdorlikni qisqartirishga ham alohida e’tibor qaratiladi.

Sohadagi jarayonlar doimiy monitoring qilinib, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalaniladi. Xodimlarga kunlik vazifalarni belgilash, ularning ijrosini nazorat qilish, hisobotlarni shakllantirish, xavflarni tahlil qilish va uzilishlar ko‘p kuzatilayotgan hududlarni aniqlash imkonini beruvchi tizimlar joriy etiladi.

Shuningdek, elektr tarmoqlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan uzilishlarni oldindan prognoz qilish orqali avariyalarning oldini olish, zarur hollarda tarmoq quvvatini oshirish va infratuzilmani modernizatsiya qilish choralarini oldindan ko‘rish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, energiya resurslari tannarxini pasaytirish uchun raqobat muhitini kengaytirish va bozor mexanizmlarini jadal joriy etishga e’tibor qaratiladi.

Xususan, suyultirilgan gazning erkin bozorini shakllantirish bo‘yicha choralar ko‘riladi. Tadbirkorlarning import qilgan suyultirilgan gazini aholi va tadbirkorlik subyektlariga sotish jarayoni soddalashtiriladi hamda ular uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratiladi.

Shu bilan birga, suyultirilgan gazdan foydalanish xavfsizligini ta’minlash maqsadida amaldagi texnik reglamentlarni qayta ko‘rib chiqish va xavflarning oldini olish choralarini kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring