Shavkat Mirziyoyev matbuot va OAV xodimlariga tabrik yo‘lladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tabrik yo‘lladi.
Bu yil ushbu qutlug‘ ayyom milliy matbuotimiz asosi – jadid bobolarimiz tomonidan “Taraqqiy” gazetasi tashkil etilganiga 120 yil, yurtimizda radioeshittirishlar ilk bor tajriba tariqasida uzatilganiga 100 yil to‘lgan kunlarda nishonlanayotgani unga alohida shukuh bag‘ishlamoqda.
Yaratilgan mustahkam huquqiy asos, berilgan imtiyoz va preferensiyalar natijasida sohaning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, uning tarkibida xususiy sektorning ulushi yildan yilga oshib bormoqda. Hozirgi kunda qariyb 2 ming 700 ta ommaviy axborot vositalarining 67 foizi, noshirlik subyektlarining 90 foizdan ortig‘i, matbaa korxonalarining 83 foizi nodavlat sektor hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Joriy yilda nashriyotlarning ishlab chiqarish quvvati o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar ortib, o‘rtacha 15 ming nomdagi jami 60 milliondan ortiq nusxada kitoblar nashr etildi.
Axborot oqimi keskin ortib, dipfeyk texnologiyalari keng tarqalayotgan bugungi davrda manbalarning ishonchli ekaniga alohida e’tibor qaratish mamlakatimizda ham muhim ko‘nikmaga aylandi. Qisqa vaqtda turli media loyihalar orqali 10 ming yoshni qamrab oladigan zamonaviy ta’lim tizimi shakllantirildi.
Prezident O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi faoliyatini takomillashtirish, uning nufuzini oshirish va islohotlar jarayonidagi ishtirokini kengaytirish zarurligini aytdi. OAV xodimlari faoliyati uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish, ularning huquq va manfaatlari himoyasini kuchaytirish, kasb mahorati va malakasini oshirish, jumladan, ijtimoiy himoyasini ta’minlash, mehnatini rag‘batlantirish, sog‘lig‘ini mustahkamlash va yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan yangi chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
"Men mamlakat rahbari sifatida milliy ommaviy axborot vositalarimiz davlat va jamiyat o‘rtasida mustahkam ko‘prik vazifasini bajarish barobarida xalqimizni umummilliy manfaatlar asosida birlashtiradigan, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimizni ezgu maqsadlar sari yetaklaydigan qudratli ma’naviy kuchga aylanishi uchun barcha yordam va ko‘makni ko‘rsatishga doimo tayyorman", deya ta’kidlaydi prezident o‘z tabrigida.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter