Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sobiq ayoliga pul to‘lashni istamagan erning mashinasi jarima maydoniga joylashtirildi

Sobiq ayoliga pul to‘lashni istamagan erning mashinasi jarima maydoniga joylashtirildi

Foto: Xabar.uz

Sobiq turmush o‘rtog‘idan undiriladigan 149 million so‘mdan ortiq mablag‘ uchun yashirilgan yuk avtomashinasi qidiruv orqali topildi

Byuroning Buxoro viloyati boshqarmasi axborot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha,  G‘ijduvon tumanilik turmushi buzilgan ayol N.Sh. sobiq turmush o‘rtog‘i O.R.dan aliment undirish bilan birga, nikoh davomida orttirilgan umumiy mol-mulkni bo‘lish haqida sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.

Ta’kidlanishicha, birinchi instansiya sudi da’voni qisman qanoatlantirgan.  Biroq, mazkur qarordan norozi bo‘lgan da’vogar apellyasiya shikoyati kiritgan.

Buxoro viloyat sudining Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasi qaroriga asosan, sobiq er-xotinning umumiy mulkdagi ulushi hisobidan da’vogar N.Sh. foydasiga 149 million 529 ming 600 so‘m undirishni belgilagan.

Ijro hujjati Majburiy ijro byurosining G‘ijduvon tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgach, ijro ishi qo‘zg‘atilgan va qarzdor fuqaro O.R.ga qaror talabini ixtiyoriy bajarish uchun qonunchilikda belgilangan muddat berilgan. Biroq, u qarzdorlikni qoplamay, mas’uliyatdan qochib yurgan.

Surishtiruvlar davomida qarzdor nomida avtomashina mavjudligi aniqlangan. O.R.ning o‘ziga tegishli bo‘lgan mulkni yashirishga uringani ochiqlangan. Shu munosabat bilan majburiy ijro harakatlari boshlanib, qarzdorga tegishli mol-mulkka ta’qiq qo‘yilgan hamda «MAN» rusumli yuk avtomashinasi qidiruvga berilgan.

Tezkor qidiruv tadbirlari natijasida avtomashina aniqlanib, vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

R.O.ga ixtiyoriy ravishda qarzdorlikni bartaraf etmasa, mazkur transport vositasi auksion savdoga chiqarilishi, undan tushgan mablag‘ esa ijro hujjatida belgilangan qarzdorlikni qoplashga yo‘naltirilishi tushuntirilgan. Qolgan mablag‘ esa qonun talablariga muvofiq, qarzdorning o‘ziga qaytariladi.

«Ayni paytda mazkur ijro ishi doirasida tegishli chora-tadbirlar davom etmoqda. Ushbu holat sud qarorlarini ijro etishdan bo‘yin tovlash yoki mol-mulkni yashirish qarzdorni javobgarlikdan ozod etmasligini, aksincha, qonun doirasida majburiy choralar qo‘llanilishini yana bir bor ko‘rsatmoqda»,-deydi axborot xizmati mas’ul xodimi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring