Tanqiddan so‘ng: Romitandagi «domlar» ta’mirlandi
Joriy yilning oktyabr oyida «Xabar.uz»da «Biz o‘z uyimizda xavfda yashayapmiz...» va’dalardan charchagan aholi» sarlavhasi ostida maqola e’lon qilingan edi.
Unda Buxoro viloyati, Romitan tumani markazidagi bir nechta ko‘p qavatli uylar ahvoli aholi yashash uchun noqulaylik tug‘dirayotgani, mutasaddilarning va’da berib, amalda ko‘zbo‘yamachilikdan nariga o‘tmayotgani va shu muammolar atrofida aylanayotgan odamlar noroziliklari xususida so‘z borgan edi.
Oradan ko‘p o‘tmay, tuman hokimi Umid Barnoyev tanqidning o‘rinli ekani, aynan, shu og‘riqli masalani o‘z nazoratiga olganini bildirdi.
Shundan so‘ng ko‘p sonli aholini uzoq yillardan buyon qiynab kelayotgan muammoni bartaraf etishga kirishilgan va masala ijobiy hal etilgan. Romitan tuman hokimligi hamda «Aslon Islom qurilish» boshqaruv servis kompaniyasi tomonidan ko‘p qavatli uylarning tashqi va ichki ko‘rinishi, tom qismi hamda elektr energiyasi yetkazib beruvchi kabellar va boshqa pardozlash ishlari to‘liq ta’mirlanib, tuzatib berilgan.
– Biz xalq xizmatidamiz. «Dom»lar haqiqatan, ta’mirtalab holatga kelib qolgan edi. Ayni paytda aholining barcha talablari yetarlicha qanoatlantirildi. «Domlar» yangi qiyofa kasb etdi. Odamlarning kayfiyati ko‘tarildi. Kelgusi yil, 2026 yilda yo‘laklarni ham ta’mirlab beramiz, – dedi «Aslon Islom qurilish» boshqaruv servis kompaniyasi rahbari Aslon Atoyev.
Darhaqiqat, ta’mirtalab holatga kelib qolgan va ta’mirlash ishlarida o‘z vaqtida e’tibor qaratilmagan ko‘p qavatli uylarning muammolari bartaraf etilgan.
– To‘g‘risi, va’dalardan charchagan edik. Tanqiddan keyin uylar ta’mirlandi. Tanqid samarada berdi. Judayam xursandmiz. Buning uchun kelib asl holatni o‘rgangan hamda muammolarimizga befarq bo‘lmagan «Xabar.uz» tahririyati jamoasiga hamda mutasaddilarga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz. Bayramu to‘ylarda xizmat qiladigan uy bo‘ldi. Va umuman, yaxshi va farovon yashashimiz uchun maskanlarimizni chiroyli, obod qilib berganlar kam bo‘lishmasin, – deyishdi fuqarolar.
Ma’lumot o‘rnida: Tuman hokimining so‘ziga ko‘ra, o‘z vaqtida muammolarning yechimsiz qolib ketayotganiga e’tibor qaratmagan va aholi noroziligiga befarq bo‘lgan hokim o‘rinbosari o‘z lavozimidan bo‘shatilgan. Surishtiruv davomida tuman hokimi o‘rinbosari Jo‘raqul Mustafoyev dastlab, bu masala bo‘yicha intervyu berishdan bosh tortgan va har ikki so‘zining birida «zamhokim sifatida va’da beraman» deyishdan to‘xtamay, «Kompaniya rahbarini daraxtga bog‘lab qo‘yaman!» – deya po‘pisa qilgan edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter