Toshkentda 100 dan ortiq korxona faoliyati to‘xtatildi
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan 106 ta xo‘jalik faoliyati vaqtincha to‘xtatildi, 58 ta issiqxona xo‘jaligiga nisbatan esa ma’muriy jarima qo‘llanildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 8 fevraldagi 59-F-son farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududlaridagi issiqxona xo‘jaliklari, ishlab chiqarish hamda ijtimoiy soha ob’yektlarining faoliyatida atmosfera havosiga chiqarilayotgan tutun, chang va zaxarli gazlar miqdorini kamaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Xususan, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Bosh prokuratura hamda Toshkent shahar va Toshkent viloyati hokimliklari tomonidan 300 dan ortiq mutaxassislardan iborat ishchi guruhlar tashkil etildi. Ular tomonidan poytaxt hududidagi issiqxona xo‘jaliklari, sanoat korxonalari, qurilish materiallari ishlab chiqarish zavodlari va boshqa yirik ishlab chiqaruvchi hamda ijtimoiy soha ob’yektlari to‘liq xatlovdan o‘tkazildi.
Nazorat tadbirlari natijasida 4 869 ta ob’yekt o‘rganilib, ulardan 595 tasi issiqxona xo‘jaliklari (Toshkent viloyatida — 381 ta, Toshkent shahrida — 214 ta), 2 265 ta ijtimoiy soha ob’yekti hamda 1 998 ta sanoat va qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalari bo‘ldi. Barcha ob’yektlarda profilaktika va tushuntirish ishlari amalga oshirildi.

O‘rganishlar davomida atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilmagan holatlar aniqlandi. Xususan, ayrim xo‘jaliklarda zararli kimyoviy, fizik va biologik ta’sir ko‘rsatuvchi moddalar havoga chiqarilgan. Aniqlangan har bir qonunbuzilish holati bo‘yicha keskin choralar ko‘rildi, ularning oldini olish hamda kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi.
Jumladan, dudburondan foydalanish qoidalarini buzgan 58 ta issiqxona xo‘jaligiga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanildi, 106 ta xo‘jalik faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Shuningdek, 387 ta holat bo‘yicha ekologik talablarga moslashtirish hamda plyonka, avtoshina va o‘simlik qoldiqlarini yoqilg‘i sifatida foydalanmaslik yuzasidan rasmiy ogohlantirish xatlari yuborildi.
Nazorat tadbirlari tizimli ravishda davom ettirilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter