Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentda 5 ta noqonuniy qurilish yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Toshkentda 5 ta noqonuniy qurilish yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Foto: Toshkent shahar prokuraturasi

Toshkent shahar prokuraturasi ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarning majburiy ko‘chirilayotgani va uylari noqonuniy buzilayotgani haqida tarqalgan murojaatlar yuzasidan tekshiruv o‘tkazdi.

Dastlab Toshkent shahar prokuraturasi va shahar hokimligi vakillari voqea joyiga chiqib, murojaat mualliflari hamda «Mega Logistics Servise» MChJ vakillari ishtirokida o‘rganish ishlarini olib bordi. Barcha tomonlarning arizalari qabul qilinib, holat prokuratura nazoratiga olindi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida «Mega Logistics Servise» MChJ mansabdor shaxslari fuqarolarni majburiy ko‘chirish bo‘yicha ijro harakatlari to‘liq yakunlanmasidan turib, Yakkasaroy tumani, Damariq mahallasidagi A. Qahhor ko‘chasi 19-uyni o‘zboshimchalik bilan buzib tashlagani aniqlangan.

Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, qurilish ishlarida ham qator qonunbuzilishlar qayd etilgan.

Xususan, tegishli ruxsatnoma rasmiylashtirilmasdan turib, mazkur hududda bitta 20 qavatli, ikkita 19 qavatli, bitta 12 qavatli hamda bitta ikki qavatli turar-joy binosi o‘zboshimchalik bilan qurilgani ma’lum bo‘lgan.

Aniqlangan holatlar asosida «Mega Logistics Servise» MChJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ayni paytda Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Prokuratura jinoyat ishi alohida nazoratga olinganini ma’lum qildi. Tergov yakunlari bo‘yicha qonunchilik talablariga muvofiq qaror qabul qilinishi ta’minlanishi bildirildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring