Turizm sohasidagi tadbirkorlarga qator imtiyozlar beriladi
2026-yil boshidan buyon O‘zbekistonga 8 million nafar xorijlik sayyoh tashrif buyurdi. Shu bilan birga, ularning mamlakatda qolish muddati 8 kungacha uzaygan.
Davlat rahbari turizm sohasidagi islohotlar natijasi aholi daromadlarida yanada yaqqol sezilishi kerakligini ta’kidladi. Buning uchun mehmonxona infratuzilmasini kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Mehmonxonalarni qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun 50 million dollarlik resurs ajratiladi. Tadbirkorlarga bu maqsadlar uchun 10 yil muddatga milliy valyutada 16 foizli kredit berish ko‘zda tutilmoqda.
Uch, to‘rt va besh yulduzli mehmonxonalar qurilishi uchun subsidiya berish muddati yana ikki yilga uzaytiriladi. Shuningdek, subsidiya olishda mehmonxonaning «yulduzi»ni tasdiqlash uchun xorijiy kompaniya xulosasini talab qilish amaliyoti bekor qilinadi.
Mehmonxonalar uchun yer va mol-mulk solig‘ini 10 baravar kamaytirilgan stavkada to‘lash imtiyozi ham 2030-yilgacha uzaytiriladi.
50 tadan ortiq joylashtirish o‘rniga ega mehmonxonalarda xorijiy mehmonlar uchun qo‘shimcha qulayliklar ham yaratiladi. Jumladan, naqd valyuta qabul qiladigan bankomatlarni banklarning o‘zi o‘rnatib beradi.
Turoperatorlarning xorijlik sayyohlarga ko‘rsatgan xizmatlari eksportga tenglashtiriladi va ular qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi.
Shuningdek, turistik avtobus, elektrobus va mikroavtobuslarni olib kirishdagi bojxona imtiyozlari yana bir yilga uzaytiriladi. Bunday transport vositalari uchun utilizatsiya yig‘imi ham undirilmaydi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter