Uchko‘prikda chaqaloqning o‘lik tug‘ilishi ortidan xizmat tekshiruvi boshlandi
Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tuman tibbiyot birlashmasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan chaqaloq o‘limi holati yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yil 30-may kuni Olmurod mahallasida yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan M.Niyozova tug‘uruq og‘riqlari va qog‘anoq suvi ketishi shikoyati bilan tuman tug‘uruqxonasiga murojaat qilgan.
31-may kuni ertalab soat 08:40 da ayol o‘lik chaqaloqni dunyoga keltirgan.
Tibbiy xulosaga ko‘ra, homiladorlik 38 haftalik bo‘lgan. Bu ikkinchi tug‘uruq hisoblanib, chaqaloq chanoq bilan — oyoq qismi orqali kelgan. Qiz bolaning vazni 3300 gramm, bo‘yi esa 50 santimetr bo‘lgan.
Tuman tibbiyot birlashmasiga ko‘ra, milliy klinik protokollarda birinchi tug‘uruq va homila vazni 3500 grammdan yuqori bo‘lgan holatlarda kesarcha kesish tavsiya etiladi. Mazkur holatda esa bemor ikkinchi marta tug‘ayotgani va homilaning taxminiy vazni 3100 gramm deb baholangani uchun tabiiy tug‘uruq usuli tanlangan.
Qayd etilishicha, tug‘uruq jarayonida homilaning yelka va bosh qismini chiqarish uchun maxsus akusherlik usullari qo‘llangan. Biroq texnik qiyinchiliklar sabab chaqaloq bosh qismi qiyin chiqqan va u o‘lik holatda tug‘ilgan.
Shifokorlar tomonidan reanimatsiya choralari ko‘rilgan, ammo ular samara bermagan.
Tibbiyot birlashmasi barcha jarayonlar amaldagi klinik protokollar asosida olib borilganini bildirgan. Ayni paytda holat yuzasidan xizmat tekshiruvi davom etmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter