Uy-joy narxlari qaysi hududlarda eng tez qimmatlashmoqda?
2026-yilning birinchi choragida O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida faollik keskin oshdi. Davr mobaynida 110,1 mingta oldi-sotdi bitimi rasmiylashtirilib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 48,4 foizga ko‘p bo‘ldi. Uy-joy bozoridagi yuqori talab narxlar dinamikasiga ham ta’sir qildi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyi holatida birlamchi uy-joy bozorida narxlar dollar hisobida 8,1 foizga, so‘m hisobida esa 1,8 foizga oshgan. Ikkilamchi bozorda o‘sish yanada yuqori bo‘lib, dollarda 9,4 foiz, so‘mda 3 foizni tashkil etgan.
Tahlilga ko‘ra, uy-joy narxlarining hududlar bo‘yicha shakllanishiga yangi qurilgan xonadonlar hajmi, aholi va uy xo‘jaliklari sonining o‘sishi, shuningdek, talabning yuqoriligi asosiy omil bo‘lgan.
Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, Sirdaryo, Qashqadaryo, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yangi uy xo‘jaliklari soni uy-joy taklifidan yuqori shakllangani sababli narxlar ham boshqa hududlarga nisbatan tezroq o‘sgan. Ayniqsa, Toshkent shahri va viloyatida aholi migratsiyasi, investitsiya maqsadidagi xaridlar hamda daromadlar o‘sishi talabni yanada kuchaytirgan.
Aksincha, Buxoro, Namangan, Xorazm va Qoraqalpog‘iston Respublikasida uy xo‘jaliklari o‘sishiga nisbatan ko‘proq yangi xonadonlar foydalanishga topshirilgani bois uy-joy narxlari nisbatan sekinroq oshgan.
Shu bilan birga, respublika bo‘yicha qurilish jarayonida bo‘lgan ko‘p qavatli turar-joy obyektlari soni eng ko‘p Samarqand viloyati, Toshkent shahri, Buxoro va Xorazm viloyati hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Markaziy bank qayd etishicha, uy-joy bozoridagi narxlar faqat qurilish hajmi bilan emas, balki ipoteka kreditlari, aholi daromadlari, urbanizatsiya, yer taklifi va umumiy iqtisodiy faollik kabi omillar ta’sirida ham shakllanadi.
Shuningdek, 2026-yilning birinchi choragida ipoteka kreditlari hajmi 5,7 trln so‘mga yetgan, qurilishga yo‘naltirilgan investitsiyalar ulushi esa 10,8 foizgacha oshgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter