Xorijdan tuya olib kelish xarajatining yarmi budjetdan qoplanishi mumkin
Hukumatning «Xorijiy davlatlardan tuya olib kelish uchun temir yo‘l transportida tashish xarajatlarini Davlat budjeti hisobidan qoplab berish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Loyihaga muvofiq, Navoiy viloyatiga xorijiy davlatlardan jami 5 ming bosh tuya import qilishda temir yo‘l orqali tashish xarajatlarining 50 foizi Davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi. Mazkur tartib 2027-yil 31-dekabrga qadar amal qilishi belgilangan.
Hujjatda qayd etilishicha, tuyalarni import qilish jarayonida yil fasllari, mavsumiy omillar hamda eksport qiluvchi davlatlardagi ob-havo sharoiti ham inobatga olinadi.
Tadbirkorlar arizalarni Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining hududiy boshqarmalariga taqdim etadi.
Arizaga import shartnomasi, mablag‘ to‘langanini tasdiqlovchi hujjatlar, temir yo‘l transporti xizmati bo‘yicha shartnoma va amalga oshirilgan to‘lovlarni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinishi lozim. Qo‘shimcha hujjat talab qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Hujjatlar to‘liq bo‘lmagan yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar aniqlangan hollarda ariza rad etiladi. Kamchiliklar bartaraf etilganidan so‘ng tadbirkorlar 15 ish kuni ichida qayta murojaat qilish huquqiga ega.
Mazkur loyihaga ko‘ra, bir bosh tuyani temir yo‘l transportida tashish xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi. Biroq to‘lanadigan kompensatsiya miqdori har bir tuya uchun 400 ming so‘mdan oshmaydi.
Mablag‘lar Qishloq xo‘jaligi vazirligiga ajratilgan budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi, ular Veterinariya qo‘mitasining alohida g‘azna hisobvarag‘ida yuritilishi belgilangan. Taqdim etilgan hujjatlar ikki ish kuni ichida ko‘rib chiqilib, mablag‘lar tadbirkorning hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Shuningdek, import qilingan tuyalar amalda mamlakatga olib kirilgani ustidan monitoring o‘rnatiladi. Agar import amalga oshmagani aniqlansa, ajratilgan mablag‘lar belgilangan tartibda Davlat budjetiga qaytariladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter