Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Yashil energiya» yechimmi yoki muammo?

«Yashil energiya» yechimmi yoki muammo?

Qachondir quyosh nuri, shamol va to‘lqinlar kuchi tugab qolishi haqida eshitganmisiz? Yo‘q, albatta.

Shularni inobatga olsak, “Yashil energiya” deganda insonlar ko‘z oldiga ifloslangan shahar va qishloqlarni avvalgi holatiga qaytarib, yashil sayyoraga aylantirish kela boshlaydi. Qolaversa, yashil energiyadan foydalanish qazib olinadigan yoqilg‘ilarga qaramlikni kamaytiradi. Bu esa energiya ishlab chiqarish tannarxining pasayishiga olib keladi. Biroq....

“Yashil energiya”ning biz bilmaydigan sirlari...

Taom tayyorlash uchun elektr gaz plitasini, uyni isitish uchun elektr isitkichni yoqasiz, maishiy texnikalar hattoki avtomobillar uchun ham elektr tokidan foydalanasiz. Axir elektr energiyani gaz va ko‘mirdan emas, quyosh panellari, shamol turbinalari va hakozolardan olyapmiz-ku!. “Bu esa tabiat uchun mutlaqo zararsiz… endi ortiq issiqxona gazlarini chiqarish haqida o‘ylamasak ham bo‘ladi…”

Bir qarashda hammasi oddiy. Ammo to‘xtang, biroz shoshmang!… yashil energiya qayerdan olinishi haqida o‘ylab ko‘rganmisiz? Ichki yonuv dvigatelli mashinalar xatosini takrorlamaydigan – elektromobillar qanday ishlab chiqariladi?

Dastlab ko‘zimizga mo‘jizadek ko‘ringan bunday texnologiyalar asta-sekin o‘z sirlarini fosh qilmoqda. Qaysi biridan boshlashni ham bilmaysan. Keling, ekologik toza avtomobillardan boshlaymiz. Avvalo bir narsani yaxshi tushunib olishimiz zarur, elektr avtomobilari CO2 gazi chiqarmaydi degani ular tabiatni zararlamaydi degani emas. Bunday avtomobillarni ishlab chiqarish jarayoniga nazar solsak.

Ichki yonuv dvigatelli mashinalarning tayanchi ularning motori hisoblanadi. Elektr transport vositasining eng muhim komponenti lityum-ionli batareya. U transport vositasining yuragi ya’ni energiya manbai hisoblanadi. Bunday batareyalar yerdan qazib olinadigan noyob minerallardan tashkil topgan. Ulardan biri – grafit lityum-ionli batareyaning eng asosiy qismidir, chunki batareyaning yarmi grafitdan iborat. Shuningdek, u anodning asosiy xomashyosi bo‘lib, aksariyat elektromobillarning akkumulyator anodlari 100% grafitdan tashkil topadi. Odatda har bir avtomobilga o‘rtacha 50 dan 100 kilogrammgacha grafit kerak bo‘ladi.

Qisqa vaqt ichida elektr transport vositalari ishlab chiqarilishining o‘sishi bilan zarur grafitga talab keskin oshdi. Birgina Xitoyning o‘zida o‘rtacha yillik grafit ishlab chiqarish taxminan 820 ming tonnani tashkil etadi, bu dunyodagi umumiy ishlab chiqarishning taxminan 79% demakdir.

Minerallar roli

Miqdori(kg)

Umumiy og‘irligi

Grafit anod

52

28.1

Alyuminiy katod/qobqoq/kollektor

35

18.9

Nikel katod

29

15.7

Mis tok kollektorlari 

20

10.8

Chelik korpus

20

10.8

Marganets katodi

10

5.4

Kobalt katodi

8

4.3

Lityum katod

6

3.2

Temir katod

5

2.7

Jami

185 kg

100%

Yuqorida bitta elektr avtomobilini ishlab chiqarish uchun sarflanadigan noyob minerallar miqdori ko‘rsatilgan. Hisob kitoblarga ko‘ra, noyob minerallar hajmi dvigatelli mashinalarga qaraganda elektromobillarda 5-6 barobar yuqori. Bu shuni anglatadiki, noyob mineralarni qazib olish hozirda ancha yuqorilab ketgan.

Nafaqat elektromobillarga balki “yashil energiya” ishlab chiqaruvchi barcha uskunalarga bunday minerallar suv va havodek zarur. Ular xoh quyosh elektrostansiyalari bo‘lsin, xoh issiqlik elektrostansiyalari.

Endi masalaning ikkinchi tomoniga o‘tsak. Shuncha minerallar qayerdan olinadi? Buni topish qiyin emas. Bugungi kunda elektromobillar savdosi bo‘yicha hech bir davlat Xitoyga teng kela olmaydi. O‘z-o‘zidan anglashiladiki, noyob minerallar konlari ham aynan Xitoyda joylashgan. “NPR News” nashri e’lon qilgan maqolada shunday deyiladi:

“Xitoy dunyodagi grafitning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘ini, noyob yer minerallarining esa 60 foizini qazib oladi. U kobalt konlarining deyarli yarmiga egalik qiladi va litiyning to‘rtdan bir qismini nazorat qiladi”

Masalan, mamlakatning eng yirik grafit ishlab chiqaruvchisi Aoyu Graphite Group va lityum-ion batareyalar uchun grafit yetkazib beruvchi BTR New Energy Materials kompaniyalari shular jumlasidan.

Eng toza energiya – illyuziya

Kon va shaxtalar atrofida istiqomat qiluvchi odamlar fikri va ekologiyaning ahvoli e’tiborga muhtoj. Grafit qazib olish va qayta ishlash katta miqdordagi mayda changni hosil qiladi. Undan nafas olish konchilar va yaqin atrofdagi aholi salomatligiga xavf tug‘diradi. Bu pnevmokonyoz (surunkali o‘pka kasalligi) kabi nafas olish kasalliklariga olib keladi. 10 yildan ortiq vaqt davomida grafit changini nafas olgan ishchilarning katta qismi pnevmokoniozning II yoki III bosqichini boshdan kechiradi. Bunday kassaliklarni davolash deyarli imkonsiz. Ko‘pgina zaharlangan ishchilarda o‘pka funksiyasi yomonlashadi, surunkali yo‘tal va jismoniy qobiliyat pasayishi kuzatiladi. “Washington post” jurnalining Xitoydagi konlarda olib borgan surishtiruvlari shuni ko‘rsatadiki, aholi va tabiat o‘sib borayotgan grafit qazib olinishidan mutlaqo norozi.

Xitoyning uzoq shimoli-sharqidagi qishloqda yashovchi Chjan Tuling shunday deydi:

“Kunduzgi yorug‘likda zarralar hamma narsani qoplaydigan kulrang chang bo‘lib ko‘rinadi. U yashil ekinlarni o‘ldiradi, tashqarida osilgan kirlarni iflos qiladi va oziq-ovqatda qum zarralarini qoldiradi. Qishloqdagi quduq suvi ham ichib bo‘lmaydigan holga keldi”.

Grafit konlarida atrofida yashovchi aholining achinarli hayoti bayon qilingan mazkur maqolada ta’kidlanishicha, lityum-ionli batareyalardan foydalanadigan yirik Samsung, LG Chem va Panasonic kabi kompaniyalar "toza" texnologiyaning yorqin kelajagini targ‘ib qilishini iddao qiladi. Bunday batareyalarning deyarli barchasi esa grafitdan foydalanadi.

Misol uchun, Samsung o‘zining korporativ barqarorlik hisobotida aytilishicha:

“Biz atrof-muhitga ta’sirimizni kamaytiradigan barqaror rivojlanishga intilayotganimiz sababli, ayniqsa mahalliy aholining hayot sifatini yaxshilashga harakat qilyapmiz”

Apple va LG Chem ham xuddi shunday da’volar bilan chiqqan. Grafitning Xitoyda arzon ishlab chiqarilishi, ko‘pincha atrof-muhit nazoratisizligi, eski sanoat bularning barchasi ekotizmga zarar yetkazadi.

U yerda birgina havo zararlanmaydi, grafit zavodi ifloslantiruvchi moddalarni mahalliy suvlarga chiqaradi, shundan so‘ng oqim daryoga borib quyiladi. Bu suvdan sug‘oriladigan daraxtlar va o‘simliklar nobud bo‘ladi. Qishloq aholisi bilan bo‘lgan suhbatda grafit zarralari qanchalar turmush tarzini qiyinlashtirayotgani bilish qiyin emas.

“Agar derazani ochiq qoldirsangiz, grafit hamma joy – mebelda ham, plastinkada ham bo‘ladi. Deraza tokchalarida to‘planib qoladi. Biz yetishtirgan gilosni chang qoplaydi”, dedi 51 yoshli Li Jiye.

Yuqoridagilar birgina grafit ishlab chiqarish misolida ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, Xitoyning o‘zida indium, antimony, galium, volfram va hokazo minerallar qazib olinadi. Lityum-ionli batareyalar uchun Kobalt mineralining asosiy qismi Kongo Respublikasidan, Litiy esa Avstraliya, Chili va Boliviyadan keltiriladi. Shunday noyob minerallarsiz na elektr mashinalar harakatlanishini na “yashil energiya” olishni tasavur qilib bo‘ladi.

“Garvard International Review” ma’lumotlariga ko‘ra, bir tonna noyob tuproq elementlarini ishlab chiqarish uchun qazib olish 30 funt chang, 9600-12000 kub metr chiqindi gaz, shu jumladan gidroftorik kislota va oltingugurt dioksidi, 75 kub metr oksidli oqova suv va bir tonna radioaktiv zaharli qoldiqlar, 2 million ga yaqin chiqindilarga olib keladi.

Qayta tiklanadigan energiyani olish va undan issiq xona gazlarining chiqmasligi bir qarashda “Iqlim o‘zgarishi” muammosining yechimi. Ammo boshqa tomondan, toza energiya olish uchun qayta zararlanayotgan tabiat va so‘roq ostida qolayotgan insonlarning sog‘ligi. Balki qachondir “yashil energiya” darhaqiqat xavfsiz va samarador bo‘lar, har holda insoniyat rivojlanishda davom etmoqda, ammo hozircha uni ishlab chiqarish va qayta ishlash jarayonida yetarlicha muammolar borligini tan olishimiz lozim.

Malikabonu Muhammedova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring