Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yo‘qotilgan bolalik yoki oson hayot ortidagi ayanchli taqdirlar

Yo‘qotilgan bolalik yoki oson hayot ortidagi ayanchli taqdirlar

Foto: Norma

Sud hujjatlarida ochilgan haqiqat: voqea bilan tanishar ekansiz, beixtiyor etingiz jimirlab, yuragingiz orqaga tortib ketadi. Voqea o‘smir qiz hayoti bilan bevosita bog‘liqligi bois, real faktlar — manzil, ism-sharif va boshqalar oshkor qilinmaydi.

Umida 13 yoshga to‘lganida, hayot uni tanlovsiz katta qildi. Tengdoshlari maktab qo‘ng‘irog‘i sadosida ulg‘ayib borayotgan bir paytda, u ota-onasi bilan begona yurt sari yo‘l oldi. Oilasi qashshoqchilikdan qutilish, qariya ota-onasini boqish, qishloqdagi vayronaga aylangan hovlini qayta tiklash umidida yurtni tark etgan.

Afsuski, umid bilan boshlangan safar mashaqqatli hayotga aylangan. Ular yillar davomida Rossiyaning turli shaharlarida qurilishlarda ishlashgan, yakka-yolg‘izlarga qarashgan, bog‘ qorovuli bo‘lishgan... uzoq yillar ko‘p qavatli binolarning nam yerto‘lalari ularning vaqtinchalik manziliga aylangan. Qishning izg‘irini, yozning jaziramasini, ochlikni ham, haqoratu kamsitilishlarni ham birga yengishgan. Kunbo‘yi mehnat qilib, tunlari yerto‘lalarda uxlash ular uchun oddiy holga aylanib qolgan.

Umida esa hamon bola. U onasining charchoqdan titragan qo‘llarini, otasining qon qotgan kaftlarini ko‘rib ulg‘aydi. Qizaloq ota-onasining halol mehnat qilayotganiga ishonardi. Bir kun kelib, hammasi yaxshi bo‘ladi, deb o‘ylardi. Ammo, yaxshi kunlar kelmadi...

Sud hujjatlariga ko‘ra, Umidaning ota-onasi og‘ir va qiyin mehnat orqali topilgan pul orzularini amalga oshirishga yetmayotganidan ko‘p nolishgan. Pul topishning osonroq yo‘lini izlay boshlashgan. Bu oson, daromadli bo‘lsa-da, jinoyat yo‘li edi.

Avvaliga bir-ikki odamni ish bilan ta’minlash bahonasida o‘zlari xizmat ko‘rsatayotgan nogiron ayolga tegishli hovliga olib kelishgan. Begona odamlarning xufyona ishqiy munosabatlarini «ta’minlashgan». Hech qiynalmay, tekin daromad topa boshlashgach, bu «ish» ularga moydek yoqqan. Keyin bu ishni muntazam tus oldirishga kirishishgan. Inson taqdiri ular uchun asta-sekin savdo vositasiga aylangan.

«Eng ayanchlisi, ular bu girdobning o‘z farzandini ham yutib yuborayotganini sezmay qolishgan. Qanday noma’qul xatti-harakatlar bo‘lsa, bu ayni balog‘atga yetgan qiz ulg‘ayayotgan muhitda odatiy holga aylangan. Qiz kimlarga ishongan bo‘lsa, o‘shalar uning hayotini parchalashgan»,—deydi sudya voqelik haqida so‘zlar ekan.

Qiz shunda ham ota-onasini emas, o‘zini aybdor, deb o‘ylagan. Uyalgan, yig‘lagan, ammo, ayta olmagan.

Oradan bir necha yil o‘tgach, qizning xatti-harakatlari ota-onasi oldida uning qanday qadam tashlayotganini oshkor etib qo‘ygan. Avvaliga jazavaga tushgan ota keyinchalik «o‘zi pishirgan osh»ga ko‘nishga majbur qilgan. Hatto, qiz ham ular ko‘z o‘ngida behayoliklardan «tap» tortmay qo‘ygan. Oiladagi bunday jirkanch va achinarli muhit yana salkam o‘n yilcha o‘z «arqoni»ni tashlagan. Qiz 23 yoshga to‘lganda, ular qishloqqa qaytishgan. 

Bu oila qishloqqa kelib, juda qiyin mehnatlar bilan daromad topishgani, xorijning «noni» qattiqligini bot-bot aytishdan charchashmagan. Qo‘shnilar ham ularni og‘ir mehnat ortidan boyib kelgan, deb o‘ylashgan. 

Ko‘p o‘tmay, Umida sovchilik orqali qishloqdagi kambag‘alroq bir xonadonga kelin bo‘lib tushgan. Barcha to‘y xarajatlarini ota-ona o‘z zimmasiga olgan. Qishloqdoshlar, mahalla-ko‘y ularning bir nochor oilaga saxovati uchun duolarda bo‘lishgan. 

Haqiqatni esa bir umr yashirib bo‘lmaydi. Nikohdan keyin Umida «sir»i ikki yoshning emas, ikki oilaning ham og‘ir qismatiga ta’sir ko‘rsatmay qo‘ymagan.

«Qizni to‘la aybdor ham sanash o‘rinli emas, deb bilaman. U ota-onasi tanlagan yo‘lning jabrlanuvchisi. Jamiyat esa har doim ham jabrlanuvchi bilan aybdorni ajrata olmaydi. Shunga qaramasdan, kuyov og‘ir haqiqatni qabul qilishga majbur bo‘lgan... Umida esa yangi hayot boshlash o‘rniga yana o‘tmish soyasiga qaytgan. Ota-onasi o‘rgatgan muhit uning tafakkuriga ham ta’sir qilgan bo‘lgan. Shu bois, qiz turmush o‘rtog‘ini ham xorijga ishlash bahonasida olib chiqib ketgan. Va sotgan. Shundan so‘ng qiz taqdiriga «jinoyatchi»likni muhrlagan»,—so‘zlaydi sudya.

Bu gal oila kuyovini ham xorijga ishlash uchun olib ketgan. Afsuski, kuyov o‘z ayoli tomonidan odam savdosi qurboniga aylangan. Bu haqiqatni esa kuyovning singlisi sezib qolgan. Yangasi va yangasining oilasidan akasining holini so‘rayvergan singil hamma savollari turli bahonalar bilan javob topavergach, u shubhaga borgan. Akasining ancha muddat g‘oyib bo‘lishi, tushunarsiz holatlar va shubhali muloqotlar uni befarq qoldirmagan.

Singil o‘z shubhalaridan kelib chiqib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. Tergov davomida yillar davomida parda ortida qolgan haqiqatlar birin-ketin yuzaga chiqa boshlagan. Faqat bir jinoyat emas, bir oilaning o‘n yillik qorong‘u tarixi ochilgan. Inson taqdirlari savdoga qo‘yilgani, orzular pulga almashtirilgani, mehr o‘rnini manfaat egallaganib, nechta-nechta oilalar buzilib, taqdirlar ayro tushgani... hamma-hammasi oshkor bo‘lgan.

Tergov harakatlari davomida ushbu oilaning uzoq yillar davomida odam savdosi, fohishalik uchun sharoit yaratish va boshqa qator og‘ir jinoyatlarga aloqador bo‘lgani aniqlangan. Sudda to‘plangan dalillar, jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalari va boshqa isbotlar har bir holat yuzasidan sinchiklab o‘rganilgan.

Sud hukmiga ko‘ra, aybdor deb topilgan shaxslarga sodir etilgan jinoyatlarning og‘irlik darajasi, ularning oqibatlari hamda jabrlanuvchilarga yetkazilgan ma’naviy va ruhiy azoblar inobatga olingan holda qonunchilikda nazarda tutilgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

«Biroq, bu hukm yo‘qotilgan bolalikni, parchalangan taqdirlarni va izdan chiqqan insoniy hayotlarni ortga qaytara olmaydi. Bir vaqtlar mehr va himoya manbai bo‘lishi kerak bo‘lgan oila jinoyat o‘chog‘iga aylanganida, eng og‘ir jarohatni farzand ko‘radi. Bu voqea bir oilaning emas, butun jamiyat uchun ogohlantiruvchi saboqdir. Pulsizlik yoki og‘ir turmush sharoiti hech qachon inson qadrini sotishga, o‘zgalar taqdirini savdo vositasiga aylantirishga oqlov bo‘la olmaydi. Har qanday jinoyatning ortida vayron bo‘lgan taqdirlar, so‘ngan orzular va butun umr bitmaydigan ruhiy yaralar qoladi», —deydi sudya.

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring