Germaniya kansleri milliy jamoa haqida fikr bildirib baloga qoldi
Germaniya milliy terma jamoasi futbol bo‘yicha jahon chempionatida Paragvayga qarshi o‘yinda penaltilar bahsida imkoniyatni boy berib, musobaqani barvaqt tark etdi. Buni aksar muxlislar «sharmandalik» deb atagan. Jamoani qo‘llab-quvvatlashga uringan mamlakat kansleri Fridrix Mers ham keskin tanqidga uchradi.
«Musobaqadan chiqib ketish alamli bo‘lsa-da, lekin ajoyib o‘yin bo‘ldi! Ushbu JChda ko‘rsatgan jonbozligingiz va jamoaviy ruh bilan butun mamlakatimizni ruhlantirdingiz. Biz siz bilan faxrlanamiz», – deya ijtimoiy tarmoq orqali milliy termani dastaklagan federal kansler Fridrix Mers.
Hukumat rahbarining ushbu posti jamoatchilikda keskin e’tiroz uyg‘otdi. Teleboshlovchi Oliver Poxer kanslerning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi hakerlar tomonidan buzib kirilgan bo‘lishi mumkinligini qayd etib, hozirgi vaziyatda jamoani maqtash nomaqbul ekaniga ishora qilgan.
Poxerning ta’kidlashicha, mag‘lubiyatni xaspo‘lash to‘g‘ri emas, chunki milliy jamoa o‘yinlari bilan yurtdoshlarni ruhlantirgani yo‘q, bil’aks Germaniyaning yuzini shuvut qildi.
Mamlakatning yetakchi nashrlaridan biri – Bild gazetasi kanslerning postiga shunday munosabat bildirdi: «Mers o‘z posti bilan o‘zini kulgili ahvolga solib qo‘ydi».
Aksar tahlilchilar Mersni siyosat kabi sportni ham tushunmaslikda ayblagan.
«Men bolaligimdan beri Germaniya terma jamoasiga televizor orqali muxlislik qilaman: jamoamiz doim yarim finalda, finalda o‘ynardi. Albatta, bugungi bolalar, odamlar va hozirgi avlod ham shuni xohlaydi. Ammo biz muxlislarga shunday quvonchni taqdim eta olmadik va bu, ayniqsa, Germaniya aholisiga faxrlanish tuyg‘usi suv bilan havodek zarur bo‘lgan hozirgi pallada juda alamlidir... Maydonda o‘ynagan biz, futbolchilar hamma narsani barbod qildik. Bunga murabbiy ham, OAV ham, hakam ham, raqib ham sababchi emas, bunda faqat va faqat o‘zimiz aybdormiz», – deya mag‘lubiyat uchun javobgarlikni zimmaga oldi Germaniya milliy jamoasi sardori Yozua Kimmix.
Mag‘lubiyatdan keyin jamoa murabbiyi Yulian Nagelsman hali shartnoma muddati tugamagan ekan, murabbiylik faoliyatini davom ettirishini aytgan. Bu esa muxlislar va sharhlovchilarni battar darg‘azab qilgan. Xususan, Süddeutsche Zeitung gazetasi bu yilgi jahon chempionatida Ekvador va Paragvayga imkoniyatni boy bergan Germaniya terma jamoasi juda og‘ir ahvolga tushib qolgani, barini yangidan boshlash uchun murabbiyning qo‘liga pattasi tutqazilishi kerakligini ta’kidlagan.
2018 va 2022-yilgi JChlarida hatto guruhdan ham chiqa olmagan, bu yil esa 1/16 bosqichdayoq musobaqani tark etgan milliy jamoa keng jamoatchilik g‘azabiga nishon bo‘lmoqda.
Avval xabar berganimizdek, Germaniya terma jamoasining Paragvayga mag‘lub bo‘lib, JCh-2026ni erta tark etishi millionlab muxlislarni xafa qilishdan tashqari nemis tadbirkorlarining daromadiga ham salbiy ta’sir qilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter