Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Afsonaning so‘nggi jangi: Chak Norris hayoti va vafoti

Afsonaning so‘nggi jangi: Chak Norris hayoti va vafoti

Kollaj: Zhizn.ru

Millionlab tomoshabinlar uchun ekranda adolat va kuch ramzi bo‘lib kelgan Chak Norris 19-mart kuni vafot etdi. Aktyor keksayib qolgan, shunga qaramay hali tetik va mashg‘ulotlarga chanqoq edi. Muxlislar Chak Norris vafotidan qattiq qayg‘u chekdilar. U uzoq yillik chaqnoq va chaqqon kumir edi. Ekranda hamisha adolat tantanasi uchun ayovsiz kurash olib borardi. Aktyor 86 yoshda edi.

Chak Norrisning hayoti og‘ir va sokin boshlangan. U 1940-yil 10-mart kuni AQShning Rayan shahrida tug‘ilgan. Asl ismi Karlos Rey Norris edi. Oila boshlig‘i bo‘lmish ota avtomexanik bo‘lib, ichkilikka berilgan edi. Uning xotini va bolalari bilan ishi yo‘q edi. Shu sababli oila nochor yashardi. Uyda tinchlik hukmron bo‘lmas, o‘zaro nizolar avjiga chiqardi.

Oila bekasi Vilma xonim bolalarga qo‘lidan kelgancha g‘amxo‘rlik qildi. Keyin esa, eri bilan kelishmovchilikdan so‘ng ular ajrashishdi.

Vilma boshqa erkakka turmushga chiqdi. Va aynan o‘gay ota Jorj Nayt bo‘lajak kinoyulduzni sportga jalb etdi. Bunga qadar Chak juda uyatchan bo‘lib, o‘zini past baholar, hatto qo‘rqoq deb hisoblar edi. Tengqurlari uni masxara qilishar, xohlagan paytda do‘pposlashlari mumkin edi. Bu bola kelajakda dunyo taniydigan yulduz bo‘ladi, deyishsa, hech kim ishonmagan bo‘lardi o‘shanda.

1958-yildan Chakning hayoti o‘zgardi. U AQSh harbiy-havo kuchlariga  xizmatga chaqirildi va Janubiy Koreyaga yuborildi. Jang san’ati bilan ilk bor o‘sha yerda tanishdi. Tangsudoni chuqur o‘rgandi. Shu tariqa o‘zining qo‘rquvi bilan yuzma-yuz keldi. Insonni kuchli qiladigan omil tashqi kuch emas, ichki ahd-qaror ekanligini navqiron Chak o‘shanda tushundi. Darvoqe, Chak Norris nomini u harbiy xizmat chog‘ida oldi.

Amerikaga qaytgach, yigitcha butunlay jang san’atiga berilib ketdi. Buning natijasi o‘laroq karate bo‘yicha jahon chempioni bo‘ldi. Olti yil davomida mag‘lubiyat ko‘rmadi. Keyin esa o‘z maktabini ochdi.

Chak Norrisning shogirdlari orasida Stiv MakKuin ham bor edi. Aynan Stiv ustoziga uning ekran uchun tug‘ilganini e’tirof etdi. Bu gap Chak Norris taqdirini yana o‘zgartirib yubordi.

Kino olamiga kirgan Chak Norris tezda mashhurlikka erishdi. Uning ishtirokidagi «Ajdar yo‘li», «Bedarak yo‘qolganlar», «Delta kuchlari» va «Texas reynjeri Uoker» nomli filmlarni millionlab tomoshabinlar ko‘rishdi. Afsonaviy Bryus Li bilan jang sahnasi esa Chakni abadiy mashhur qildi.

Chak Norris va Bryus Li «Ajdar yo‘li» (1972) filmida.
Foto: Concord Productions Inc./ Golden Harvest Company/ Sunset Boulevard/ Corbis via Getty Images

Filmlarga takliflar yog‘ildi. U ekranda yovuzlikka qarshi kurashchi, adolatni tiklovchi, qo‘rqmas qahramonlarni gavdalantirdi.

«Bedarak yo‘qolganlar» (1984) filmidan kadr.
Foto: Sunset Boulevard/ Getty Images

Chaqqon harakatlari, temir mushtlari va aylanib tepishlari tufayli butun jahonga tanildi.

«Yolg‘iz bo‘ri Makkueyd» (1983) filmidan kadr.
Foto: Topkick Productions/ Getty Images

Chak Norris hayotida eng muhimi oila bo‘lgan. U ikki marta uylangan. Birinchi turmushidan farzandlari bor. Bu davr Norrisning qiyinchiliklar bilan kurashgan yillari edi. Ikkinchi turmushi — uning hayotidagi adoqsiz muhabbati Jina O‘Kelli bo‘ldi. Ular o‘rtasidagi munosabat o‘zaro ishonchga asoslangan bo‘lib, bir-biriga sadoqatli edilar.

Rafiqasi Jina O‘Kelli hamda egizaklari Dakota va Daniela bilan, 2001-yil
Foto: ZUMA Press Wire via Reuters Connect

Bir yili Chak Norrisning xotini Jina O‘Kelli og‘ir kasallikka chalingan. Shunda u kinoni deyarli tark etdi va bor vaqtini xotiniga bag‘ishladi. Bemor rafiqasining davolanishi uchun astoydil kurashdi. Bu qarori va sa’y-harakati uning haqiqiy qahramonligini ko‘rsatdi. Chak Norris fikricha, eng katta jang bu oila uchun kurashdir. Chak Norris jami besh bolaning otasi hisoblanib, farzandlarini intizomli, mehnatsevar va odob-axloqli qilib tarbiyaladi.

Vaqt o‘tishi bilan aktyor madaniy fenomenga aylandi. Shu asnoda «Chak Norris haqiqatlari» butun dunyoga tarqaldi. Bu e’tiroflar ortida bir haqiqat bor edi: u inson irodasining ramziga aylangan edi.

2026-yil mart oyi... Chak Norris 86 yoshni qarshi oldi. U allaqachon faol hayotdan chetlashgan, ko‘proq oilasi bilan vaqt o‘tkazardi. 19-mart kuni Norris Gavayida edi. To‘satdan sog‘lig‘i yomonlashdi. Shifokorlar uni qutqarishga harakat qilishdi, ammo foyda bermadi. Bu aktyor hayotidagi so‘nggi «jang» edi. Afsonaviy keksa sport ustasi o‘z oilasi qurshovida hayot bilan vidolashdi.

2026-yil 20-mart kuni oila Chak Norrisning vafot etgani haqida rasman e’lon qildi. Bu xabar kino olamini larzaga soldi, millionlab muxlislarni qayg‘uga botirdi. Jang san’ati ustalari uni “ustoz” deb yodga olishdi. Aktyorlar esa «haqiqiy qahramon» deya e’tirof etdilar.

«Haqiqiy kuch — hech qachon taslim bo‘lmaslikdir» — bu Chak Norrisning sabog‘i! U qo‘rqoq boladan jahon chempioni va kino afsonasiga aylangan edi. Afsonalar o‘lmaydi, ular inson qalbida yashashda davom etadi.

Akbar Fathullayev

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring