Aksilkorrupsiya agentligi Ozodbek Nazarbekovga chora ko‘rishni so‘radi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Ozodbek Nazarbekovga chora ko‘rishni so‘radi.
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning to‘yda qo‘shiq aytib, qistirilgan pullarni qabul qilgani aks etgan video ortidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Nazarbekovni intizomiy javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha hukumatga so‘rov yuborgani ma’lum bo‘ldi.
Bu haqda agentlik axborot xizmati turli OAVlarga ma’lumot bergan.
Antikorrupsiya agentligiga ko‘ra, vazir bilan bog‘liq to‘ydagi holatda davlat xizmati va odob-axloq to‘g‘risidagi qonunchilik normalari buzilgan. Agentlikning eslatishicha, «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasi, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 595-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat xizmatchilari odob-axloqi va xulq-atvorining namunaviy qoidalarining 13-bandi davlat xizmatchilarining pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishini taqiqlaydi.
Bundan tashqari, davlat xizmatchilari ish vaqtida ham, ishdan tashqari vaqtda ham davlat xizmatining obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan o‘zini tiyishi, axloq normalariga doimo rioya etishi shart.
Eslatib o‘tamiz, Ozodbek Nazarbekov avval ham xususiy brendlarni reklama qilib e’tiborga tushgandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter