Shov-shuv nihoyasi: xalq artisti mojaroli uyini tark etdi!
Moskva markazidagi muhtasham uy, 112 million rubl, firibgarlik sxemasi va bir necha bosqichli sud jarayonlari...
Rossiya estradasining mashhur yulduzi Larisa Dolina bilan bog‘liq ikki yillik shov-shuvli mojaro nihoyat o‘z yakuniga yetdi. Bu voqea shou-biznes doirasidan chiqib, mamlakat miqyosidagi huquqiy bahs va jamoatchilik muhokamasiga aylangan edi. 2026-yil yanvar oyida qo‘shiqchi Xamovniki tumanidagi kvartirani butunlay tark etdi.
Hammasi qay tarzda boshlangan?
2024-yil yozi. Rossiya xalq artisti Larisa Dolina Moskva markazida, Xamovniki tumanida joylashgan, maydoni katta va qimmat ta’mirlangan muhtasham besh xonali kvartirasini sotdi. Kelishuv summasi – taxminan 112 million rubl (1,5 mln dollar).
Xaridor – xususiy tadbirkor Polina Lure edi. Hujjatlar rasmiylashtirildi, pul to‘liq to‘landi, bitim qonuniy tarzda amalga oshirildi.
Bir qarashda – oddiy ko‘chmas mulk operatsiyasi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay, shov-shuvli tafsilotlar ochildi.
Firibgarlik sxemasi: “maxsus xizmatlar” qo‘ng‘irog‘i.
Qo‘shiqchining aytishicha, unga bir necha bor telefon qo‘ng‘irog‘i orqali o‘zlarini maxsus xizmat xodimlari deb tanishtirgan shaxslar murojaat qilgan. Ular Dolinaning mulki va bank hisoblari “xavf ostida” ekani, firibgarlar uning nomiga kreditlar olishga urinayotgani va yagona “xavfsiz yo‘l” – uyni zudlik bilan sotib, pulni maxsus hisoblarga o‘tkazish ekanligini aytishgan.
Qo‘rquv va ruhiy bosim ostida qolgan qo‘shiqchi bu gaplarga ishongan. Natijada uyini sotdi va olgan pulni firibgarlar ko‘rsatgan yo‘nalishga o‘tkazib yubordi. Pul tag-tugi bilan yo‘qoldi. Uy esa endi yangi egasiga tegishli edi.
Sudga murojaat: “Men aldanganman”
Puldan ham, uydan ham ayrilgan Larisa Dolina sudga murojaat qildi. Uning da’vosida asosiy nuqtalar quyidagicha edi: bitim ruhiy bosim ostida amalga oshirilgan, u o‘z harakatlarining oqibatini to‘liq anglamagan demak, kelishuv haqiqiy deb hisoblanmasligi kerak...
2025 yilning bahorida Moskva Xamovniki tumani sudi qo‘shiqchining foydasiga qaror chiqardi. Sotuv bitimi bekor qilindi. Kvartira yana Dolina nomiga qaytarildi.
Bu qaror jamoatchilikda “portlash” bilan teng bo‘ldi. Chunki xaridor Polina Lure pulni to‘liq to‘lagan, ammo ham uydan, ham mablag‘dan ayrilgan edi.
Sudlar zanjiri va keskin burilish
Ish shu bilan to‘xtab qolmadi, albatta. Xaridor tomoni apellyasiya, kassatsiya instansiyalariga murojaat qildi. Bir necha oy davomida qarorlar o‘zgardi, bahs-munozaralar keskinlashdi.
Nihoyat, 2025-yilning dekabr oyida ish Rossiya Oliy sudiga yetib bordi.
Oliy sudning hal qiluv xulosasi bo‘yicha ilgarigi qarorlar bekor qilindi, uy bo‘yicha qonuniy egalik huquqi xaridor tomonda bo‘ldi va Larisa Dolinaning bu kvartirada qolishi noqonuniy deb topildi. Aslida shunday bo‘lishi ham kerak edi-da!
Mazkur qaror bilan mojaroning taqdiri amalda hal bo‘ldi.
Uyni tark etdi: oxirgi nuqta
2026-yil 9 yanvarda Larisa Dolina Xamovnikidagi sobiq kvartirasini butunlay tark etdi. U shaxsiy buyumlarini olib chiqqan, xonadon yangi egasiga topshirish uchun tayyorlangan.
Ikki yilga yaqin davom etgan sudlashuv, bahs va shov-shuv shu tariqa yakunlandi.
“Dolina effekti”: jamiyat uchun jiddiy signal
Bu voqea huquqiy muhitda “Dolina effekti” degan atama paydo bo‘lishiga olib keldi. U bir nechta savolni kun tartibiga chiqardi. Firibgarlik qurboni bo‘lgan sotuvchiga qay darajada yon berish kerak? Halol xaridorning huquqlari qanday himoyalanadi? Inson holati va qonuniy hujjatlar o‘rtasidagi chegara qayerda?
Mutaxassislar bu ishni Rossiya ko‘chmas mulk amaliyotidagi eng bahsli sud jarayonlaridan biri, deb baholashmoqda.
Larisa Dolina bilan bog‘liq mazkur tarix shon-shuhrat ham insonni firibgarlikdan asrab qolmasligini, sud qarorlari har doim ham oddiy va biryoqlama bo‘lmasligini, ko‘chmas mulk masalasida esa hushyorlik hayotiy ahamiyatga ega ekanligini yana bir bor isbotladi.
Akbar Fathullayev


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter