Ko‘chmas mulk bozori faollashdi: dollarda uylar narxi qimmatlashdi
Markaziy bank tomonidan 2025 yil III choragi uchun Ko‘chmas mulk bozori tahlili e’lon qilindi.
Tahlil natijalariga ko‘ra:
Bozordagi yuqori faollik:
2025-yil yanvar–sentabr oylarida ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni 229,8 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12,8 %ga oshdi.
III chorakning o‘zida 81,4 mingta shartnoma rasmiylashtirildi.
Hududlar kesimidagi o‘sish dinamikasi:
Shartnomalar sonining o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori o‘sishi respublikaning aksariyat hududlarida kuzatildi. Farg‘ona vodiysi viloyatlari yetakchilar qatorida bo‘lib, shartnomalar soni 7–8 %ga o‘sdi, eng past o‘sish esa Toshkent shahrida (1,7 %) qayd etildi.
Ipoteka hisobiga qo‘llab-quvvatlanayotgan o‘sish:
2025-yil III choragida ipoteka kreditlari hajmi 5,6 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 14,9 %ga oshdi. Tijorat banklarining ipoteka portfeli qoldig‘i qariyb 17 %ga o‘sdi. Aholi real daromadlarining o‘sishi ham davom etib, 8,4 %ni tashkil etdi va uy-joyga bo‘lgan talabni qo‘llab-quvvatladi.
Qurilish va taklifning yuqori faolligi:
2025-yil yanvar–sentabr oylarida qurilish ishlari real hajmining o‘sishi 14,2 %ni tashkil etdi. Foydalanishga topshirilgan uy-joylarning umumiy maydoni 11,1 mln kvadrat metrga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 2,4 %ga oshdi. O‘sish, asosan, yakka tartibdagi uy-joylar hisobiga ta’minlanmoqda.
Uy-joy – muhim investitsiya vositasi:
III chorak yakunlariga ko‘ra, turar-joy qurilishining jami asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalardagi ulushi 6 %ni tashkil etdi (yil boshidan buyon yig‘ilgan ulush – 7,2 %). Aholining iste’mol kayfiyati bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovda respondentlarning qariyb 6 % kuzatuv davrida turar-joy sotib olganini bildirgan. Shu bilan birga, kelgusida uy-joy sotib olish niyatida bo‘lganlar ulushi biroz pasaygan.
Narxlar dinamikasi:
Milliy valyutada uy-joy narxlari o‘sishi mo‘tadil sur’atda, AQSh dollari hisobida esa nisbatan sezilarli bo‘ldi. 2025 yil sentyabr holatiga ko‘ra, ko‘p qavatli birlamchi uy-joy narxlari so‘mda 2,4 %ga, dollarda esa 5,5 %ga; ikkilamchi ko‘p qavatli uy-joy bozorida esa so‘mda 1,8 %ga, dollarda 5,0 %ga oshdi.
Ijara bozori:
III chorakda, ayniqsa avgust–sentyabr oylarida mavsumiy talabning kuchayishi fonida ijara bozori faollashdi. 2025 yil sentyabr oyiga kelib, ijara narxlarining dollarda yillik o‘sishi Toshkent shahrida 5,4 %ni, respublika bo‘yicha umumiy ijara indeksi esa 8,4 %ni tashkil etdi. Bu ijara bozorida talabning kuchaygani va bozorning bosqichma-bosqich muvozanatlashayotganidan dalolat beradi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter