Insoniyat har yili to‘rtta tilni yo‘qotmoqda — tadqiqot
AQShning Yel universiteti olimlari insoniyat so‘nggi ikki ming yil ichida o‘n mingga yaqin tilni yo‘qotganini aniqlashdi. Tilshunoslar tillar xilma-xilligining demografik modelini ishlab chiqishdi, tadqiqot natijalari Science jurnalida e’lon qilindi.
Olimlar hisob-kitoblariga ko‘ra, taxminan 12 ming yil avval, so‘nggi muzlik davri yakunida Yer yuzida 3 300 dan 7 800 tagacha til mavjud bo‘lgan. Bu baholashda har bir ovchi-yig‘uvchilar til guruhi o‘rtacha 800 nafar kishidan iborat bo‘lgani asos qilib olingan.
Dehqonchilikka o‘tish tillar sonini kamaytirmagan, aksincha, ularning ko‘payishiga turtki bergan. Chunki dehqonchilik bilan shug‘ullangan aholi manzilgohlari bir-biridan nisbatan ajralgan holda yashagan. Bu esa yangi shevalar va mustaqil tillarning tezroq shakllanishiga sharoit yaratgan. Mualliflar baholashicha, taxminan ikki ming yil avval tillar soni tarixiy eng yuqori nuqtaga chiqqan va ularning umumiy soni o‘n mingta atrofida bo‘lgan.
Biroq milodiy 1000 yillarga kelib bu jarayon teskari yo‘nalish olgan. Imperiyalarning kengayishi, bosqinlar va savdo rivoji yirik tillarning keng tarqalishiga olib kelgan. Oqibatda kichik mahalliy til va shevalar asta-sekin muomaladan chiqib ketgan. Bu jarayon hozir ham davom etmoqda.
Bugungi kunda dunyodagi qariyb 5 milliard kishi atigi o‘nta tilda so‘zlashadi. Shu bilan birga, har yili o‘rtacha to‘rtta til yo‘qolib bormoqda.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, tillarning yo‘qolishi jamiyatlarning birlashishi va integratsiyalashuvi kabi tarixiy jarayonlarning tabiiy hamrohi hisoblanadi. Biroq yo‘qolib ketgan tillarni qayta tiklash deyarli imkonsiz. Chunki moddiy yodgorliklardan farqli o‘laroq, tillar arxeologik qazishmalarda topilishi mumkin bo‘lgan izlarni qoldirmaydi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter