Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

“Oltin kuz” 2-Xalqaro musiqa festivali yakunlandi

“Oltin kuz” 2-Xalqaro musiqa festivali yakunlandi

Poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida nihoyatda qiziqarli o‘tgan ushbu festival ishtirokchilarini taqdirlash marosimi hamda O‘zbekiston milliy simfonik orkestri va xorijiy san’atkorlar ishtirokida katta konsert dasturi tashkil etildi.

Marosim avvalida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov so‘zga chiqib, G‘arb va Sharq mamlakatlarining klassik musiqasini namoyon etish, xalqaro toifadagi yetakchi orkestrlar va ijrochilar o‘rtasida do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirish hamda ularning o‘zaro ijodiy tajriba almashinuvini ta’minlashda “Oltin kuz” Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivalining o‘rni beqiyos ekanligini alohida ta’kidlab, barcha ijodiy jamoalarga muvaffaqiyatli ishtirok uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Tadbir davomida festivaldagi faol ishtiroki uchun bir qator mehmon jamoalar vakillari va O‘zbekiston davlat filarmoniyasi ijodkorlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Shundan so‘ng tantanali yopilish marosimiga bag‘ishlangan gala-konsert taqdim etildi. Dastur davomida xalqaro tanlovlar sovrindorlari Ayana Bekenova, Elgiz Beyshenbayev (Qirg‘iziston), Saltanat O‘rinbayeva (Qozog‘iston), Shafoat Usmonzoda, Manuchehr Rahmonov (Tojikiston), Nikita Statsenko, Sarvinoz O‘roqova (O‘zbekiston), Fyodor Kabelskiy hamda Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatgan artist Yuliya Rubina (Rossiya) tomonidan jahon klassik musiqasining mashhur kompozitsiyalari va qo‘shiqlari ijro etildi.

E’tiborlisi, mazkur konsert dasturida taniqli kompozitor Oydin Abdullayevaning “Yangi O‘zbekiston” asari ilk marotaba dunyoviy premera sifatida ijro etildi. Milliy cholg‘ular, sato, tanbur va dutor navolarining simfonik orkestr uyg‘unligidagi jarangi ushbu o‘zbekona musiqiy asarning jozibasini namoyon etdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring