Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AQSh Senati yangi qonunni ma’qulladi: endi Putin ham sanksiyaga uchrashi mumkin

AQSh Senati yangi qonunni ma’qulladi: endi Putin ham sanksiyaga uchrashi mumkin

Foto: Shutterstock

AQSh Senati ko‘pchilik ovoz bilan Rossiyaning energetika sohasida daromadlarini qisqartirishga qaratilgan sanksiyalarni ko‘zda tutuvchi qonunni ma’qulladi. Mazkur hujjat Rossiya rasmiy mulozimlari, oligarxlar, moliya idoralari va yashirin flotga qarshi choralarni ko‘zda tutadi

Qonun loyihasi uchun Senatning 86 nafar a’zosi ovoz bergan, 11 nafari esa unga qarshi chiqqan. Mazkur hujjat AQSh prezidenti Donald Trampga Rossiya mahsulotlari, jumladan, neft va gaz eksporti uchun 500 foizga qadar boj joriy etish huquqini beradi. 

Shuningdek, endilikda Rossiya bilan oldi-sotdini davom ettirayotgan, jumladan, rus nefti va gazini xarid qilayotgan Xitoy hamda Hindistonga nisbatan 100 foizga qadar boj joriy etilishi mumkin.

AQSh sanksiyalari Rossiya amaldagi cheklovlarni aylanib o‘tish uchun begona davlatlar bayrog‘idan foydalangan holda neft tashiyotgan tankerlarga ham tatbiq etiladi. 

Amaldagi tartibga muvofiq, qonun loyihasi Vakillar palatasiga yuboriladi. Ayni paytda yozgi ta’tilda bo‘lgan palata ushbu hujjatni sentyabrda ko‘rib chiqishi kutilmoqda. 

Hujjat tasdiqlangach, Rossiyaning nafaqat amaldorlari, prezident Vladimir Putinning o‘zi ham sanksiyaga uchrashi mumkin. 

Bu Tramp prezident sifatida vakolatini bajarishga kirishgan 2025-yil yanvar oyidan buyon Rossiya agressiyasini jilovlashga qaratilgan ilk jiddiy hujjatdir. 

Qonun hujjati joriy yil 11-iyul kuni vafot etgan respublikachi senator Lindsi Grem tomonidan demokratik senator Richard Blyumental bilan hammualliflikda ishlab chiqilgan.

Trampning Rossiya–Ukraina urushi borasidagi pozitsiyasi muttasil o‘zgarib turibdi.

Avval xabar berganimizdek, Tramp 2025-yil avgust oyida Putin bilan Alyaskada uchrashgandi. Ammo qariyb 3 soatlik muzokarada Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish borasida jillaqursa muvaqqat kelishuvga ham erishilmadi.

Tramp rossiyalik hamkasbi bilan muzokarani ijobiy baholagandi. U hatto Fox News telekanaliga bergan intervyusida Putin bilan uchrashuvga 10 ballik tizimda 10 ball qo‘yishini aytib maqtangandi. Ammo aksar tahlilchilar Alyaskadagi uchrashuv amaliy natija bermagani holda Putinga katta ochko keltirdi deb hisoblaydi. Umuman, Alyaska sammiti Oq uyning mag‘lubiyati, Kremlning g‘alabasi o‘laroq talqin qilindi.

Tramp urushni to‘xtamayotgani vajidan ba’zida Putinni tanqid qiladi.

Gohida tinchlik kelishuvi Ukraina rahbariyatining aybi bilan kechikayotganini aytadi.

Yevropa diplomatlari esa Tramp Putinning qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lib qolgan degan fikrda.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring