Armaniston: Pashinyan partiyasi parlament saylovlarida g‘alaba qozondi
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan rahbarlik qilayotgan «Fuqarolik shartnomasi» partiyasi parlament saylovlarida g‘alaba qozondi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan e’lon qilingan dastlabki natijalarga ko‘ra, barcha byulletenlar hisoblab chiqilganidan keyin partiya 49,81 foiz ovoz to‘plagan.
Uning asosiy raqibi – Rossiya va Armaniston fuqaroligiga ega milliarder Samvel Karapetyan boshchiligidagi «Kuchli Armaniston» blogi 23,29 foiz ovoz olgan.
Parlamentga yana sobiq prezident Robert Kocharyanning «Armaniston» blogi hamda «Farovon Armaniston» partiyasi ham kirishga muvaffaq bo‘ldi. Ular mos ravishda 9,94 va 4 foiz ovoz to‘plagan.
Saylovlarda qatnashish darajasi 59 foizni tashkil etdi.
Nikol Pashinyan natijalarni «Armanistonning abadiyligi va taraqqiyotini ta’minlaydigan tarixiy g‘alaba» deb baholadi. U mamlakatning G‘arb bilan yaqinlashish siyosatini davom ettirishini, bir vaqtning o‘zida Rossiya bilan munosabatlarni ham saqlab qolishini ta’kidladi.
«Arman xalqi farovonlik va mintaqaviy hamkorlik uchun ovoz berdi. Biz Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida tinchlikni institutsionallashtirishimiz kerak», – dedi bosh vazir.
Saylovlar Armanistonning tashqi siyosiy yo‘nalishi bo‘yicha o‘ziga xos referendum sifatida baholanmoqda. So‘nggi yillarda Pashinyan hukumati mamlakatning Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarini faollashtirib, Moskvaga qaramlikni kamaytirishga harakat qilmoqda.
Rossiya esa Armanistonning Yevropa bilan yaqinlashishini tanqid qilib kelmoqda. Saylovlar arafasida Moskva bir qator arman mahsulotlarining importini cheklagani ham kuzatuvchilar tomonidan iqtisodiy bosim sifatida baholandi.
Saylov kampaniyasi davomida tomonlar o‘zaro keskin ayblovlar bilan chiqish qildi. Tergov qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, ovoz berish jarayoni bilan bog‘liq qonunbuzilishlar yuzasidan 59 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va to‘qqiz kishi qo‘lga olingan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter