Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Tramp u yerda vaqtinchalik yashovchi» — sud Oq uydagi 400 mln dollarlik bal zali qurilishini to‘xtatishni buyurdi

«Tramp u yerda vaqtinchalik yashovchi» — sud Oq uydagi 400 mln dollarlik bal zali qurilishini to‘xtatishni buyurdi

Foto: Reuters

AQSh federal apellyasiya sudi prezident Donald Tramp ma’muriyatiga Oq uyda qiymati 400 million dollarga baholanayotgan bal zali qurilishini vaqtincha to‘xtatishni buyurdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Tramp bal zali uchun joy bo‘shatish maqsadida Oq uyning tarixiy Sharqiy qanotini buzdirgan.

7 avgust kuni Vashingtondagi Kolumbiya okrugi apellyasiya sudi avval chiqarilgan dastlabki sud taqiqini tasdiqladi.

«Har bir prezident Oq uyning faqat vaqtinchalik istiqomat qiluvchisi, uning egasi emas. U Kongressning roziligisiz binoga tubdan o‘zgartish kirita olmaydi. Ulkan bal zali qurish yoki qurmaslik haqidagi qarorni Kongress qabul qilishi kerak, bu ijro hokimiyati mustaqil ravishda hal qilishi mumkin bo‘lgan masala emas», — deyiladi sud qarorida.

Mazkur sud taqiqiga Milliy tarixiy merosni saqlash jamg‘armasi erishgan. Tashkilot Tramp ma’muriyati Oq uyning Sharqiy qanotini buzib, bal zali qurilishini boshlaganidan so‘ng o‘tgan yili sudga murojaat qilgan.

Apellyasiya sudi o‘z qarorining ijrosini ikki haftaga kechiktirdi. Bu muddat ma’muriyatga AQSh Oliy sudiga apellyasiya berish imkonini beradi.

Bal zali qiymati bir necha bor oshirilgan — dastlab 200 million dollar deb baholangan loyiha qiymati keyinchalik Trampning so‘nggi hisob-kitobiga ko‘ra 400 million dollarga yetgan. Dastlab Tramp loyiha «amaldagi binoga xalaqit bermasligi»ni bildirgan, biroq keyinchalik Oq uyning butun Sharqiy qanoti buzilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring