Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Blue Origin kompaniyasining og‘ir raketasi sinov paytida portlab ketdi

Blue Origin kompaniyasining og‘ir raketasi sinov paytida portlab ketdi

Foto: OpIndia

Jeff Bezos tomonidan asos solingan Blue Origin kompaniyasining New Glenn og‘ir raketasi Floridadagi Kennedi nomidagi fazoviy markazning uchish maydonchasida parvoz oldi sinovlari vaqtida portlab ketdi.

Hodisa uchishdan oldingi yakuniy tekshiruv paytida yuz bergan. Raketaning pastki qismida yong‘in chiqqan, shundan so‘ng yonilg‘ining kuchli alangalanishi sodir bo‘lgan va tashuvchi raketa butunlay vayron bo‘lgan.

New Glenn Blue Origin kompaniyasining asosiy loyihasiga aylanishi kerak edi — u SpaceX ishlanmalari bilan raqobatlasha oladigan, qisman ko‘p martalik og‘ir raketa hisoblanadi. Undan Amazon sun’iy yo‘ldoshlarini orbitaga chiqarishda va NASAning Oy dasturida foydalanish rejalashtirilgan edi

«Barcha xodimlar topildi va ular xavfsizlikda. Hozircha avariyaning asosiy sababini aytishga erta, biz buni aniqlashtiramiz. Juda og‘ir kun bo‘ldi, lekin biz tiklanishi kerak bo‘lgan hamma narsani tiklaymiz va parvozlarga qaytamiz. U shunga arziydi», — deb yozdi Bezos.

NASA rahbari Jared Ayzekman voqeaga quyidagicha munosabat bildirdi: «Kosmos xatolarni kechirmaydi, yangi og‘ir tashuvchi raketalarni ishlab chiqish esa haddan tashqari murakkabdir».

Ilon Mask ham «raketalar sohasi o‘ta og‘irligini» ta’kidlab, Bezosning kompaniyasi yuz bergan hodisadan keyin «tez orada o‘zini tiklab olishiga» umid bildirdi.

Ko‘ngilsiz hodisa New Glenn dasturini sekinlashtirishi hamda Amazon sun’iy yo‘ldosh loyihalari va Artemis Oy dasturini amalga oshirish muddatlariga ta’sir qilishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring