Buxoroda 28 nafar ishchining pullari undirib berildi
                                                            Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida faoliyat yuritayotgan «BIJAR SOLAR INFRASTRUCTURE» mas’uliyati cheklangan jamiyati ishchilari o‘z mehnati uchun haqdor bo‘lgan ish haqlarini to‘liq ololmayotganini bildirib, Majburiy ijro byurosining viloyat boshqarmasiga murojaat qilishgan.
Ma’lum bo‘lishicha, 28 nafar ishchining ish haqi noto‘g‘ri hisoblangan, mehnat ta’tili kunlari uchun haq to‘lanmagan hamda belgilangan koeffitsentlar inobatga olinmagan.
Byuroning jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘yicha katta inspektori Ixtiyor Olimovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, byuroning Olot tuman bo‘limi murojaat yuzasidan tezkor chora ko‘rgan. Korxona mas’ullariga qonuniy ogohlantirish berilgan bo‘lsa-da, talab ixtiyoriy ravishda bajarilmagan.
Shundan so‘ng korxonaning bank hisob raqamlariga band solinib, barcha mol-mulklariga ta’qiq qo‘yilgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumanlaro sudi qaroriga asosan, qarzdor jamiyat ishchilar foydasiga 120,9 million so‘m ish haqi va ma’naviy zararni qoplab berishga majbur bo‘lgan. Hozirgacha barcha mablag‘lar to‘liq undirilib, ishchilarning bank kartalariga o‘tkazib berilgan.
«Mehnat haqini to‘lamaslik – ishchi-xodimning asosiy huquqini buzishdir. Hech kim bu huquqni poymol qilishga haqli emas»,- dedi Ixtiyor Olimov.
                            
                            
                            
                    
                    
                    
                    
                    

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter